O‘zbekiston G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSh tashabbusini olqishlaydi - TIV
O‘zbekiston AQSh prezidenti Jo Bayden e’lon qilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejasini olqishlaydi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov AQSh prezidenti Jo Bayden e’lon qilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejasiga O‘zbekiston TIVning munosabati qandayligi haqidagi savolga javob qaytardi. U O‘zbekiston mojarolarni faqat tinch yo‘l va barcha mavjud diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
«Biz G‘azo sektorida tinch aholi, ayniqsa ayollar va bolalar qurbonlari bo‘lgan to‘qnashuvlarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Bu holat bizni chuqur xavotirga solmoqda.
O‘zbekiston mojarolarni faqat tinch yo‘l va barcha mavjud diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori.
Shu munosabat bilan inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Biz barcha mamlakatlarning harakatlarini, jumladan, AQShning o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olinganlarni ozod qilish va tinch hayotni tiklash bo‘yicha tashabbusini olqishlaymiz», — degan vazirlik vakili.
Vazirlik barcha tomonlarni vazminlikka, xalqaro huquqni hurmat qilishga, zo‘ravonlikni oldini olishga va tinch aholi orasida qurbonlar sonining yanada ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi.
- Iyun boshlarida Isroil AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan taklif etilgan urushni tugatish va G‘azo sektoridagi mojaroni hal etish rejasini qabul qildi. Reja vaziyatni yumshatishning uch bosqichi, asosan, doimiy sulh va Isroilning Falastin hududidan chiqib ketishini o‘z ichiga oladi. Rejaga ko‘ra, birinchi bosqich olti hafta davom etishi kerak. Unda to‘liq va yakuniy o‘t ochishni to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektoridagi aholi punktlaridan olib chiqib ketilishi va yuzlab falastinlik mahbuslarni ozod qilish evaziga bir qator isroillik garovga olinganlarni qaytarish kiradi. Ikkinchi bosqich harbiy harakatlarni yakuniy to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketishni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, bu bosqichda qolgan barcha garovga olinganlar Isroilga qaytarilishi kerak. Nihoyat, uchinchi bosqichda AQSh va xalqaro hamjamiyat ko‘magida mintaqani keng ko‘lamli qayta qurish rejasi boshlanadi, bu esa 3-5 yil davom etadi. HAMAS tomonidan o‘ldirilganlarning jasad qoldiqlari isroillik oilalarga qaytarilishi kerak.
- Hamas harakati o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqib ketish taklifini olqishlashini bildirgan.
- Isroil Baydenning rejasini qayta ishlash sharti bilan qabul qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
10:30
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024