O‘zbekiston | 10:23 / 08.06.2024
25122
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 4 ta yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

YTH oqibatida yuk mashinalariga jiddiy zarar yetgan. M-39 avtomobil yo‘li ma’lum muddatga yopilib, tirbandlik yuzaga kelgan.

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyatida to‘rtta yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, bugun 2024 yil 8 iyun kuni M-39 avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati hududidan o‘tgan dovon qismida Toshkent-Samarqand yo‘nalishida kelayotgan MAN yuk avtomobilida nosozlik kuzatilgan.

Shundan so‘ng mazkur avtomobil boshqaruvni yo‘qotgan va avvaliga yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasini, keyin yengil mashinalar ortib ketayotgan treylerni va yana bir yuk mashinasini urib yuborgan.

Hodisada haydovchilar va yo‘lovchilar tan jarohatlari olmagan. Biroq yuk mashinalariga jiddiy ziyon yetgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda YTH ishtirokchisi bo‘lgan treylerga ortilgan Equinox, Tracker va Cobalt kabi yengil mashinalarga jiddiy zarar yetganini ham ko‘rish mumkin.

Hodisa tufayli M-39 avtomobil yo‘li ma’lum muddatga yopilib katta tirbandlik hosil bo‘lgan.

Qayd etilishicha, hozirda yo‘lni ochish va tirbandlikni bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid