Jahon | 09:32 / 10.06.2024
11725
5 daqiqa o‘qiladi

Isroilda vazir Beni Gans Netanyahu kabinetini tark etyapti

Beni Gans may oyida G‘azo sektori uchun urushdan keyingi tartibga solish strategiyasi 8 iyungacha taqdim etilmasa, iste’foga chiqishga va’da bergan edi. U bosh vazir Binyamin Netanyahuni yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi.

Foto: Amir Levy / Getty Images

Isroilda muxolifat yetakchilaridan biri Beni Gans iste’foga chiqishini, bosh vazir Binyamin Netanyahu harbiy kabinetini tark etishini e’lon qildi. «Netanyahu bizni haqiqiy g‘alabaga (G‘azo sektoridagi HAMAS tashkiloti ustidan) oldinga siljishimizga to‘sqinlik qilmoqda», dedi Gans 9 iyun, yakshanba kuni televizion chiqishida.

Siyosatchi hukumatni tark etish qarorini «qiyin va og‘riqli» deb atadi. Binyamin Netanyahuning asosiy siyosiy raqibi hisoblangan Gansga ko‘ra, u sakkiz oy avval, 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga qarshi hujumidan so‘ng tuzilgan harbiy kabinetdagi vazirlik lavozimini tark etmoqda, «chunki mamlakatdagi vaziyat va qaror qabul qilish xonasi o‘zgardi». 

Shu bilan birga, Gans Netanyahuni G‘azo sektori uchun urushdan keyingi strategiyani ishlab chiqish zaruratidan shaxsiy siyosiy manfaatlarini ustun qo‘yganlikda aybladi. «Muhim strategik qarorlar siyosiy sabablarga ko‘ra qat’iyatsizlik va kechikishlar bilan qabul qilinyapti», deb ta’kidladi muxolifatchi siyosatchi va bosh vazirni yaqin oylarda saylov o‘tkazishga chaqirdi. 

«Men Netanyahuga murojaat qilaman: saylovlar uchun kelishilgan sanani belgilang», - deya Gans so‘zlarini keltirgan CNN. 

G‘azo sektori uchun urushdan keyingi strategiyani taqdim etish talabi

May oyi o‘rtalarida Beni Gans Netanyahuga ultimatum qo‘yib, agar mamlakat bosh vaziri 8 iyungacha G‘azo sektorida urushdan keyingi vaziyatni tartibga solish rejasini taqdim qilmasa, iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. 

Vazirlar mahkamasi oltita strategik maqsadga erishish uchun shunga o‘xshash rejani ishlab chiqishi kerak, dedi Gans. Ular orasida - garovga olinganlarni HAMAS qo‘lidan ozod qilish, G‘azo sektorida HAMAS hokimiyatini ag‘darish, bu hududni qurolsizlantirish va u yerda Isroil xavfsizlik nazoratini o‘rnatish. Shuningdek, ushbu mintaqada AQSh, Yevropa Ittifoqi, arab davlatlari va falastinliklar ishtirokida «fuqarolik boshqaruvining xalqaro mexanizmini» yaratish zarur, dedi may oyida Gans.

Bundan tashqari, 1 sentabrgacha Shimoliy Isroil aholisini uylariga qaytarish, Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirishga intilish, aholining barcha toifalariga taalluqli harbiy yoki milliy xizmat tuzilmasini rivojlantirish zarur, dedi siyosatchi. 

CNN ta’kidlaganidek, siyosatchi Isroil Mudofaa armiyasi (TsAHAL) tomonidan HAMASdan yana to‘rt nafar garovga olingan shaxs ozod etilgani fonida va’da qilgan sanasida iste’foga chiqishini e’lon qilmagan. 

O‘z navbatida, 8 iyun kuni Binyamin Netanyahu Beni Gansni harbiy kabinetda ishlashni davom ettirishga chaqirdi. «Hozir bo‘linish emas, birdamlik vaqti», — deb yozdi Isroil bosh vaziri X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 37 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid