O‘zbekiston | 17:16 / 10.06.2024
6071
3 daqiqa o‘qiladi

 “Mening bog‘im” loyihasiga start berildi

“Yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilishga qaratilgan “Mening bog‘im” loyihasi 10 iyundan boshlandi. Tashabbuskorlar 20 iyungacha “Ochiq budjet” portalida taklif qoldirishlari mumkin. Loyiha O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilyapti.

Foto: Kun.uz

2024 yil 10 iyundan yangi “Mening bog‘im” loyihasi boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra jarayon 3 ta bosqichda o‘tkaziladi:

• Taklif kiritish (10 iyundan – 20 iyungacha);

• Saralash (20 iyundan – 23 iyungacha);

• Ovoz berish (23 iyundan – 3 iyulgacha).

Mening bog‘im” loyihasi haqida

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda respublika budjetidan har yili ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish uchun “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqilgan “Mening bog‘im” loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Bunda “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish bo‘yicha yer maydoni manzili va rasmlari ko‘rsatilgan holda, qiymati 250 mln so‘mdan oshmagan tashabbus bildiriladi.

Ajratiladigan mablag‘lar miqdoriga loyiha-smeta hujjatlari asosida aniqlik kiritiladi. Aniqlik kiritilgan miqdordan oshgan taqdirda loyihaga boshqa loyihalarda iqtisod qilingan mablag‘lar ajratiladi. Shuningdek, loyihalarga viloyatlar va poytaxt kengashlarining qarorlari asosida mahalliy budjetlarning qo‘shimcha mablag‘lari sarflanadi.

Hujjat bilan jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqilgan "Mening bog‘im" loyihalarini shakllantirish va moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

• “Mening bog‘im” loyihalarini moliyalashtirish tartibi;

• loyihalarni shakllantirish, saralab olish va g‘oliblarni aniqlash;

• g‘olib loyihalarni moliyalashtirish va amalga oshirish;

• hisobdorlik va ochiqlikni ta’minlash;

• javobgarlik va loyihalarni amalga oshirish ustidan nazorat.

Shuningdek, 2024 yil uchun, 2025 yildan boshlab esa har yili dekabr oyida “yashil bog‘” hamda “yashil jamoat parki”ni tashkil etish uchun belgilangan tartibda yer maydonlari ajratiladi.

Mavzuga oid