Poytaxt Transport bosh boshqarmasiga boshliq tayinlandi
Fazliddin Bahromov Toshkent shahar transport va yo‘l transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Ungacha bu lavozimda ishlagan Anvar Jo‘rayev 4 oy oldin qamoqqa olinib, mansab soxtakorligi va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlarida gumonlanayotgandi.
Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligining “Delivery Unit” loyiha ofisi mutaxassisi, qolaversa, Yoshlar ishlari agentligining markaziy apparatida boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan Fazliddin Bahromov boshqa ishga o‘tkazildi.
Transport vazirligining xabar berishicha, u Toshkent shahar transport va yo‘l transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan.
Ungacha esa bu lavozimda Anvar Jo‘rayev ishlab kelayotgandi. U fevral oyida qamoqqa olinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi «a» bandida (takroran mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotgandi.
Oradan 4 oy vaqt o‘tdi. Tergov natijalari hozircha jamoatchilikka ma’lum emas. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, dastlabki tergov muddati 3 oyni tashkil etadi. Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, davlat amaldorlarining korrupsiya bilan bog‘liq qilmishlariga oid sud ishlari ochiq tarzda, OAV ishtirokida ko‘rilishi kerak.
Ma’lumot uchun, Fazliddin Bahromov 1991 yil 14 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2016 yilda Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti ishlab chiqarishni boshqarish menejmenti fakultetining bakalavr bosqichini, 2018 yilda moliya ishi yo‘nalishida magistratura bosqichini, 2020 yilda esa “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati sifatida AQShning Vebster universiteti Toshkent filiali loyiha boshqaruvi fakultetining magistratura bosqichini tamomlagan.
Mavzuga oid
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024
Toshkentda metro stansiyasida hojatini chiqargan erkak bo‘yicha ma’lumot berildi
13:06 / 06.11.2024