Eron prezidentligiga nomzodlar: kimlar favorit?
Erondagi Konstitutsiyani qo‘riqlash kengashi prezidentlik saylovlarida ishtirok etadigan 6 nafar nomzodni tasdiqladi. Xo‘sh, ular kimlar, qarashlari va siyosiy portfeli qanaqa? Ular orasidan asosiy nomzodlar qaysi? “Geosiyosat”da mavzuning muhim nuqtalari yuzasidan siyosatshunoslar Guli Yo‘ldosheva va Kamoliddin Rabbimov o‘z fikrlarini bildirdi.
— Eron prezidentligiga nomzodlar ro‘yxatdan o‘tib tasdiqlanish jarayoni qanday amalga oshiriladi?
Guli Yo‘ldosheva: Mavzuga kirishishdan oldin, avvalo, Erondagi bugungi siyosiy, iqtisodiy vaziyat to‘g‘risida gapirishimiz kerak. Fikrimcha, hozir Eronning birdan bir vazifasi – o‘zligi va o‘zining islom tizimini saqlab qolish. Oxirgi yuz bergan mintaqaviy va davlatning o‘zidagi voqealardan keyin Eronga nisbatan tahdidlar juda ko‘paygan. Eron o‘zi va dindoshlarini himoya qilish uchun HAMAS, “Hizbulloh”ni saqlab turibdi, husiylarga ham yordam beryapti degan tanqidlarga uchrayapti. Hozir G‘arb bilan kuchli oppozitsiyada turibdi, qandaydir yangi urushga kirib ketishi mumkin. Global kuchlar butunlay Erondagi siyosiy tizimni yo‘q qilib yuborishi tahdidi ham yo‘q emas. Shunga ko‘ra, Eron Rossiya va Xitoy tomonida, ShHT va BRIKSga kirdi. Ya’ni yadro dasturi masalasida G‘arb bilan muammolar hal bo‘lmasa ham, BRIKSga a’zo bo‘lish Eron iqtisodiyoti kelajagini ta’minlashi mumkin, katta iqtisodiy uyushma bu.
Ichki vaziyatga kelsak, iqtisodiy inqiroz cho‘zilib ketgan, ijtimoiy inqiroz ham avj olgan. Eron 19-asr oxiri va 20-asr boshidan to 20-asr oxirigacha inglizlar tasarrufida rivojlanib turgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh Eronda monopoliyaga ega bo‘lgan, Eron shohi qo‘g‘irchoqdek bo‘lgan. Bunga 1979 yildagi Islom inqilobi bilan chek qo‘yilgan.
Uzoq muddat G‘arb ta’sirida bo‘lgani xalq ongida o‘z izini qoldirgan. Aholi ikki qutbga bo‘lingan: konservatorlar va islohotchilar. Ammo konservatorlar ham ichdan bo‘linadi: qat’iy, o‘rta va neytral konservatorlar bor. Islohotchilarning pozitsiyalari ancha pasaygani sabab ularning hukumatga kelishi qiyin masala. Ularni asosan yoshlar, akademik doiralar va ayollar qo‘llaydi. Oxirgi vaqtlarda islohotchilarni qo‘llovchilar ko‘p bo‘lgani uchun so‘nggi saylovlarning legitimligi borasida tanqidlar ko‘p bo‘lgan.
Nomzodlarni ro‘yxatga olish bosqichidayoq kerakmas nomzodlarni o‘chirib tashlashyapti. 80 ta nomzoddan 20 tasi ro‘yxatga olingan, bir hafta davomida Konstitutsiyani qo‘riqlash korpusi tomonidan ularning mafkurasi, sadoqati va boshqa tomonlari tekshirilib, oxirida 6 tasi qolgan.
Kamoliddin Rabbimov: 1979 yilgi inqilobdan so‘ng xokimiyatga kelgan Xumayniyning oldida turgan masala qanday qilib siyosiy tizim islomiy nazorat asosida bo‘lishi kerak, qanday mexanizmlarni joriy qilish kerak, degan masala edi va bu chuqur o‘ylangan. Shundan kelib chiqib Eronda davlat institutlari iyerarxiyasi bor. Prezident – imomdan keyingi o‘rinda turuvchi, saylanadigan muhim shaxs. Xalq imomni to‘g‘ridan to‘g‘ri saylamaydi. Xalq imom, mujtahid olimlardan iborat 88 kishilik ekspertlar kengashini 8 yilga saylaydi, ular esa o‘zlarining orasidan bosh imomni saylaydi.
Prezident saylanishi bir necha bosqichlardan iborat. Nomzodlar arizani Konstitutsiyani qo‘riqlash korpusiga topshiradi, bu Ichki ishlar vazirligi bilan birga amalga oshiriladi. Aytib o‘tilganidek, 80 dan ortiq siyosatchi prezidentlikka nomzodini qo‘ygan, shulardan 6 tasi qoldi. Oyatulloh Xominaiy va boshqa davlat organlari ularning siyosiy tizimga, konservatizm ruhiyatiga, diniy qadriyatlarga muvofiqligini tekshiradi.
1979 yilgi inqilobdan so‘ng 1989 yilgacha Xumayniy Eronni boshqardi va hozirda ikkinchi imom Xominaiyning davri, u 35 yildan beri davlatni boshqaryapti. Bir qancha prezidentlar bo‘ldi bu davrda. Imomning kim prezident bo‘lishi kerak, degan tafakkuri o‘zgaryapti. Bir paytlar xalqqa yoqadigan, populist shaxslar nomzodi qo‘yilgan bo‘lsa, keyingi davrda asosiy fokus imomga qulay, mo‘’tadil siyosiy shaxslarni tanlashga qaratilyapti. Masalan, Larijoniy hokimiyatga qulay shaxs aslida, lekin u qo‘yilmadi. Ahmadinajod ikki marta prezident bo‘ldi, shuning uchun unga imkoniyatingni ishlatib bo‘lding, ichki-tashqi siyosatda katta muammolar qoldirding, deyilishi mumkin.
— Mahmud Ahmadinajod imomlarni ko‘p tanqid qilgani uchun ham uning nomzodi qo‘yilmadi, deyish mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: Qisman to‘g‘ri bu ham. U juda populist shaxs edi. Tashqi dunyo bilan ham yaxshi ishlardi. Bunday kuchli shaxlarni imom boshqarishi qiyin. Prezidentlik davrida imom bilan ko‘p to‘qnashuv nuqtalari bo‘lgan.
Guli Yo‘ldosheva: 4 ta ayol nomzoddan bittasi qolgandi, u ham nomzodini rad etdi. Chunki rasmiy aytilmasa ham, ayollarni hokimiyatga olishmaydi. Unda aniq dastur ham yo‘q edi. Balki demokratik ko‘rinish berish uchun ro‘yxatga olishgandir uni.
Larijoniy ham yaxshi siyosatchi, populistligi ham bor. Hukumatga kelsam, bilimli kadrlarni olaman, siyosiy qarashlariga qaramayman, degan fikri yoqmagan bo‘lishi mumkin Xominaiyga.
— Tasdiqlangan nomzodlarning siyosiy qarashlari va dasturlari nimalardan iborat?
Guli Yo‘ldosheva: 6 ta nomzod qoldi: ichki ishlar va adliya vazirligi sobiq rahbari Mustafo Pirmuhammadiy, Eron oliy rahbarining milliy xavfsizlik oliy kengashidagi vakili Said Jaliliy, amaldagi parlament spikeri, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining sobiq rahbari Muhammad Boqir Qolibof, Tehron sobiq meri Alirizo Zakoniy, parlament a’zosi Ma’sud Pezeshkiyon, shahidlar va faxriylar jamg‘armasi rahbari, parlament raisining sobiq o‘rinbosari Amir Husayn Hoshimiy.
Lekin asosiy kurash 2 ta yoki 3 ta odam o‘rtasida bo‘ladi: Jaliliy, Qolibof va Zakoniy. Ularning barchasi konservator, Xominaiyga yaqin, xavfsizlik bo‘yicha tajribasi bor.
Pezeshkiyon islohotlarga yaqinroq siyosatchi, shu sabab uning imkoniyati past deb o‘ylayman. U ko‘p tanqid qilgan davlatni. Hoshimiy kasbi bo‘yicha lor-xirurg, davlatchilik sohasida tajribasi kam. Pirmuhammadiy 80-yillardagi “o‘lim komiteti”ga taalluqli shaxs bo‘lgan, shu sabab uni xalq kechirolmaydi.
— Konservativ va islohotchi kuchlarning saylov natijalaridagi ishtiroki qanday kechadi? Mamlakatda islohot tarafdorlari ham talaygina.
Kamoliddin Rabbimov: Sobiq prezident Hotamiy saylovlar boshida favorit bo‘lmagan, lekin o‘zini islohotchi sifatida ko‘rsatib, prezident bo‘lgandi. Erondagi siyosiy o‘yin qoidasi shundayki, imom va uning atrofidagi korpus kuchli filtr qiladi, shundan o‘tganlar saylovda qatnashadi va imkon qadar saylovlar soxtalashtirilmaydi. Chunki bu siyosiy inqiroz, ommaviy portlashga olib keladi.
Eronda norozilik potensiali kichik emas. Ijtimoiy, iqtisodiy norozilik ko‘lami katta, shu sabab siyosiy elita bu bilan hazillashmaydi. Arab davlatlariga qaraganda Eron – modern davlat, siyosiy tafakkur modern. Islomiy, shiaviy davlatchilik bilan birga, zamonaviy davlatchilik va demokratik qadriyatlarni anglash darajasi chuqurroq. Gibrid siyosiy tizim bu.
Eron amaldorlarining yarmi – AQShda o‘qigan shaxslar. Ular demokratiyani yaxshi tushunadi. Jamiyat ham xuddi shunday. Agar ayol nomzod qo‘yilsa, bu e’tiroz nomzodi bo‘lardi va Eron jamiyati uning dasturiga qarab emas, ayol kishi bo‘lgani uchun, imomga qarshi muxolif sifatida ovoz berardi. Elita buni yaxshi biladi.
Baribir saylovni to‘la modellashtirib bo‘lmaydi, kutilmagan holatlar bo‘lishi mumkin. Jamiyat reformator deb bilgan shaxsiga ovoz berishi ehtimoli katta, bunday shaxs birinchi ikkitalik yo uchtalikka kiradi.
Guli Yo‘ldosheva: Ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz yuqori. 2000-yillarda AQShda bir eronlik talaba aytgandiki, har yili AQShning o‘ziga 5 mingta talaba boradi. Bilim almashinuvi kuchli. Ular G‘arbdan faqat bilim emas, madaniyat ham olib keladi, hozirgi Eron madaniyati o‘zgargan, inqilob davridagidek emas. Ayollar ham hijobda bo‘lgani bilan zamonaviy fikrlaydi. Ta’lim, fan rivojlangan Eronda, sanksiyalar ostida yashashga moslashgan.
Lekin inflatsiya qariyb 40 foiz, ishsizlik 7,6 foiz (10 gacha ko‘tarilishi mumkin). Xalqqa iqtisodiyot muhim, shuni to‘g‘rilamaguncha hech bir nomzod uzoq turolmaydi hokimiyatda. Shu sabab kutilmagan holat bo‘lishi mumkin, Kamoliddin Rabbimov aytganday. Lekin baribir konservatorlar lageri kuchli.
— Saylovda konservatorlar g‘alaba qozonish ehtimoli yuqori desak, Jaliliy yoki Qolibof – bulardan qay birining imkoniyati yuqori va nega?
Guli Yo‘ldosheva: Qolibofning imkoniyati ko‘p deb o‘ylayman. Lekin Jaliliy saylov kampaniyasida tanqidiy materiallar bilan chiqishlar qilyapti. Agar Qolibof shunga qarshi turolsa, g‘alaba qilishi mumkin.
Qolibofning tajribasi katta, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining generali bo‘lgan. Zakoniy ham shu korpusda ishlagan, shu sabab ba’zilar Zakoniyni ham asosiy kurashga qo‘shyapti. Qolibofning imkoniyati katta baribir, chunki Jaliliy Xominaiyga qanchalik yaqin bo‘lsa ham, uning Paydariy partiyasi bilan aloqalarini Xominaiy yoqtirmaydi. Qolibofning siyosiy qarashlari keng tarqalgan OAVlarda. Bundan tashqari, u Raisiy siyosatini davom ettirmoqchi. Jaliliyga qaraganda yumshoqroq Qolibof, o‘ta konservator emas. Shu sabab xalq ham uni qo‘llashi mumkin.
— Yangi prezidentlikka nomzodlardan qaysi biri Eronning tashqi siyosatida sezilarli o‘zgarish qilishga urinadi va AQSh kabi katta o‘yinchilar bilan munosabatlarga qanday ta’sir qiladi? Mintaqaviy proksi guruhlar bilan munosabatlar ham bor.
Kamoliddin Rabbimov: Prezident Erondagi ikkinchi muhim shaxs. Uning imomga, siyosiy elitaga ta’sir qilish imkoniyati katta. Davlatning asosiy boshqaruvchisi imom, lekin prezident ijrochi hisoblanadi. Imomning oldiga ma’lumot olib kirish, dunyoqarashiga ta’sir qilish imkoniyati bor prezidentda. Markazda imom tursa ham, unga ta’sir qiluvchilar bo‘ladi.
Tashqi siyosatni belgilash imomning vakolati, lekin prezident asosiy ijrochi. Eron tarixida imom va prezident o‘rtasida ziddiyatlar bo‘lgan tashqi-ichki siyosat, iqtisod va boshqa masalalarda. Imom hokimiyatda ancha o‘tirgani sabab siyosiy tizim barqarorligini o‘ylab, tafakkurida tabiiy konservatizm bo‘ladi. Lekin prezident kundalik ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy masalalarni yechish harakatida bo‘ladi. Shu sabab prezident ham muhim shaxs hisoblanadi.
Guli Yo‘ldosheva: Barcha nomzodlar o‘zini Raisiy davomchisi sifatida ko‘rsatyapti. Fikrimcha, Yaqin Sharqdagi muammo tsivilizatsion muammoga aylanyapti. Shu sabab islomiy tizimni yoqtirmagan xalq ham qo‘llashi mumkin va tajribaliroq nomzodga imkoniyat berishadi.
O‘tmishda Xomanaiy AQSh bilan til topishishga harakat qilgan yashirincha muzokaralar orqali. Eron Falastin mojarosidan keyin ham ochiq urushga kirmagan, pragmatik yondashib o‘zini tiyib turgan. AQSh bilan til topishish Falastin muammosi yechilishiga bog‘liq, lekin yaqin orada yechiladigan muammo emas. Shu sabab ShHT va BRIKSda pozitsiyasini kuchaytirish siyosatida davom etadi. Bundan tashqari, Fors ko‘rfazini Markaziy Osiyo bilan yaqinlashtirish masalasi ham bor. Qolibof Turkiya bilan bo‘lish tarafdori, jamiyatda ham Turkiya bilan yaqinlashish tarafdorlari ko‘p. Qolibof islom birligi, Markaziy Osiyoni ham qamrab oluvchi mintaqaviy xavfsizlik tizimini yaratish tarafdori. Eronda shia va sunniy muammosi yo‘q deb hisoblashadi. Sia va sunniy o‘rtasidagi inqirozni kuchaytirish tarafdori emas, bu narsa mintaqaviy iqtisodiyot xavfsizligiga taqaladi. Saudiya bilan ham yaqinlashyapti munosabatlar, Markaziy Osiyo bilan ham yaqinlashib Fors ko‘rfazi va MOni umumiy iqtisodiy makonda ko‘rishmoqchi. Shu siyosat tarafdori ular.
— Bu nomzodlarning dasturi yoki saylanishi MOga ta’siri qanday?
Kamoliddin Rabbimov: Eron oldida bir qancha global vazifalar turibdi. 2023 yilda Eron va Saudiya Pekinda yarashdi Xitoy vositachiligida. Eronning ikkinchi savdo hamkori ham aynan Saudiya, yillik tovar ayirboshlash 25-30 mlrd dollar. Eron mintaqadagi davlatlar bilan yaqinlashish kerakligini biladi, bu Raisiyning emas, balki Eron siyosiy elitasi tafakkuri va global kontekstda shakllangan munosabat. O‘zbekiston bilan shunday munosabatlar davom etyapti. Eron bilan aloqalar ancha ijobiylashdi, 2016 yilga qadar o‘zaro munosabatlarimizda yashirin, ammo kuchli sovuqlik bor edi. Bugungi ijobiy munosabatlar asosida geoiqtisod yotadi O‘zbekiston tafakkurida, Eronda ham shunday tafakkur bor. Kim prezident bo‘lsa ham, munosabatlarni ijobiylashtirish Eronning ham, O‘zbekistonning ham, mintaqaning ham manfaatlariga to‘g‘ri keladi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
08:39 / 22.11.2024
AEXA rahbari Eron yadro dasturi bo‘yicha hisobot tayyorlaydi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
23:14 / 19.11.2024