O‘zbekiston | 07:40 / 14.06.2024
6270
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki O‘zbekistonga grant ajratdi

Jahon banki O‘zbekistonga energotariflar islohotining aholi ijtimoiy zaif qatlamiga ta’sirini yumshatish maqsadida 7,5 mln dollar miqdoridagi 1-transh mablag‘ini ajratdi.

Jahon banki O‘zbekistonga 7,5 mln dollar miqdorida grant mablag‘i ajratdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, mablag‘ O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 8 avgustdagi qaroriga asosan Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan «Energetika islohotlari uchun innovatsion resurslarini qo‘llash» (iCRAFT) loyihasi doirasida ajratilgan.

Bu loyihaning «Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi» (ERPA) komponenti doirasidagi islohotlarni, xususan, energiya tariflari islohotining aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga bo‘lgan ta’sirini yumshatish va ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan 1-transh mablag‘lari hisoblanadi.

1-transh mablag‘lari xalqaro issiqxona gazlari savdosi simulyatsiyasi sifatida O‘zbekistonga qaytarib beriladigan, issiqxona gazlari emissiyasi qisqartirilgani uchun ajratilgan grant mablag‘lari sanaladi.

Ajratilgan mablag‘lar respublikani yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirish, issiqxona gazlarini chiqarilishini monitoring qilish (MRV) tizimini tashkil qilish, yangi tashkil etilgan Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi va «O‘zenergosotish» AJ faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek energetika sohasini tartibga solish va institutsional islohotlarni amalga oshirish, quyosh panellarini o‘rnatib berish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan pilot loyihalarni amalga oshirish, mamlakatda energiya samaradorligini oshirish kabi chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid