Sport | 17:27 / 15.06.2024
6124
2 daqiqa o‘qiladi

UzChess Cup superturnirida o‘zbekistonlik shaxmatchi g‘alaba qozondi

Nodirbek Yoqubboyev Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada birinchi o‘rinni egalladi.

Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

Toshkentda sovrin jamg‘armasi 166 ming dollar bo‘lgan UzChess Cup 2024 xalqaro turniri yakunlandi. Kuchlilar guruhida birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Yoqubboyev (FIDE reytingida 2665 ochko) egalladi.

Musobaqa 6 iyundan 14 iyunga qadar uch guruhda o‘tkazildi. Eng kuchli Masters guruhida 10 nafar shaxmatchi ishtirok etdi.

9 raund yakuniga ko‘ra, Nodirbek Yoqubboyev 5,5 ochko bilan birinchi bo‘ldi. Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston, 2766) ham shuncha ochko to‘pladi, ammo qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra ikkinchi o‘rinda qoldi. Uchinchi o‘rinni 5 ochko bilan xitoylik Yu Yangyi (Xitoy, 2728) qo‘lga kiritdi.

Musobaqada Shaxriyor Mamedyarov (Ozarbayjon, 2734), Parham Maqsudlu (Eron, 2732), Aleksandr Grishchuk (Rossiya, 2728), Yu Yan’i (2728), Santosh Gujrati (Hindiston, 2721), Richard Rapport (Ruminiya, 2715), Aleksey Sarana (Serbiya, 2706), Javohir Sindarov (2684) ham ishtirok etdi.

Birinchi o‘rin uchun 25 ming dollar, ikkinchi o‘rin uchun 20 ming va uchinchi o‘rin uchun 15 ming dollar mukofot belgilandi. To‘rtinchi va beshinchi o‘rinlar har biri 10 000 dollardan oldi.

Mavzuga oid