Jahon | 09:30 / 18.06.2024
3150
2 daqiqa o‘qiladi

Merilendda giyohvand modda uchun sudlangan 100 ming kishi afv etildi

Merilend rahbari marixuana saqlash va iste’mol qilish bilan bog‘liq mayda jinoyatlar uchun 175 mingdan ortiq sudlanganlik bo‘yicha hukm olib tashlanishini e’lon qildi. Bu AQShda shtat darajasidagi eng yirik afvdir.

Ues Mur Foto: Dominick Sokotoff/Zuma Press

AQShning Merilend shtati gubernatori marixuana iste’mol qilish, shuningdek, kannabis iste’molida foydalaniladigan buyumlarni saqlaganlik uchun 175 mingdan ortiq sudlanganlik hukmi olib tashlanishini e’lon qildi. Bu haqda 17 iyun, dushanba kuni gubernator Ues Mur Merilend shtati poytaxti Annapolisda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi va bu AQSh tarixidagi shtat darajasidagi eng yirik afv ekanligini ta’kidladi. Nutq aks etgan videotasvirda shtat rahbarining bu so‘zlari gulduros qarsaklar bilan kutib olinganini ko‘rish mumkin. 

Ushbu harakat 100 000 ga yaqin kishidan kichik jinoyatlar uchun sudlanganlik holatini olib tashlash imkonini beradi. Merilend shtati bosh prokurori Entoni Braun ommaviy afvni «irqiy tenglik masalasi» deb atadi. 

Merilendda marixuana qonuniylashtirilgan

Rekreatsion kannabis 2023 yilda Merilendda referendumdan so‘ng qonuniylashtirildi, ammo marixuana saqlash va boshqa kichik jinoyatlar uchun avvalgi hukmlar bekor qilinmadi. 

«Shtatda kannabisdan foydalanish va unga egalik qilish endi noqonuniy bo‘lmaganligi sababli, merilendliklar uy-joy, ishga joylashish yoki ta’lim olishda to‘siqlarga duch kelmasliklari kerak, chunki qonunga xilof bo‘lmagan xatti-harakatlari uchun sudlanganlar», - deyiladi gubernator bayonotida. 

Kannabisdan rekreatsion maqsadda foydalanish AQShning 24 shtatida, shuningdek, Kolumbiya okrugida qonuniydir. Federal darajada AQSh prezidenti Jo Bayden 2022 yilning kuzida marixuana saqlashda ayblangan barcha shaxslarni afv etish haqidagi farmonni imzoladi. 

Mavzuga oid