O‘zbekiston | 13:35 / 18.06.2024
3168
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston elchisi Latviya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning Latviyadagi yangi elchisi Timur Rahmonov kecha Latviya prezidenti Edgars Rinkevichsga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Foto: "Dunyo" AA

"Dunyo" xabariga ko‘ra, rasmiy marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Latviya prezidenti Riga va Toshkent o‘rtasidagi siyosiy muloqot hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik holatini yuqori baholadi. U 2023 yil oxiriga kelib O‘zbekiston Latviyaning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan biriga aylanganini ta’kidladi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak baholanib, ularning natijalari Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinayotgani alohida qayd etildi.

Timur Rahmonov 13 mart kuni Latviya poytaxtiga O‘zbekistonning yangi elchisi sifatida yetib keldi. U mamlakatning Latviyadagi diplomatik missiyasi rahbari (2019–2024) hamda Litva (2021–2024), Estoniya (2020–2024) va Finlandiyadagi (2020-2024) o‘rindoshlik asosidagi elchisi (qarorgohi Riga shahrida) sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan Qadamboy Sultonov o‘rniga tayinlangan.

Mavzuga oid