Jamiyat | 10:42 / 20.06.2024
20480
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda bola o‘g‘risi qamoqqa olindi

Chortoq tumanida yolg‘iz yashovchi 47 yoshli erkak ko‘chada o‘ynab yurgan 11 yoshli qizni aldab, o‘zining yashash xonadoniga olib kelgan va yashirib qo‘ygan. Buni ko‘rib qolgan qo‘shnisi IIB navbatchilik qismiga xabar bergan. Zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan IIB xodimlari o‘g‘irlab ketilgan qizni erkakning uyidan topishib, oila a’zolariga qaytarishgan.

Namangan viloyatining Chortoq tumanida voyaga yetmagan qizni o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olindi. 

Kun.uz o‘rgangan ish hujjatlarida keltirilishicha, bu ishni 1977 yilda tug‘ilgan, bugungacha 5 marotaba sudlangan, Chortoq tumanining Beshkapa mahallasida yolg‘iz yashovchi A.I. qilgan.

U 2024 yil 12 iyun kuni soat 19:30 larda mast holda tumanning Nurafshon mahallasi Ziyokor ko‘chasidan o‘tib ketayotib, shu yerda yolg‘iz o‘ynab yurgan 11 yoshli qizni aldab, o‘g‘irlab ketgan. So‘ngra uni shaxsiy erkinligidan mahrum etish maqsadida o‘zi yolg‘iz yashab kelayotgan uyga olib borib, yashirgan.

A.I. notanish bo‘lgan voyaga yetmagan qizni yashash xonadoniga olib kirib ketganini qo‘shnisi ko‘rib qolgan hamda tuman IIB navbatchilik qismiga xabar bergan. IIB xodimlari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borib, o‘g‘irlab olib kelingan voyaga yetmagan qizni erkakning yashash uyidan topishgan. Qizaloq o‘zining oila a’zolariga topshirilgan. 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “a” bandi (voyaga yetmagan shaxsni o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va A.I. gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan. Erkakka nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Mavzuga oid