KXDR askarlari qisqa vaqtga Janubiy Koreya chegarasini kesib o‘tdi
Shimoliy Koreya harbiylari janub bilan chegarani qisqa muddatga buzdi. Janubiy Koreya chegarachilari ogohlantiruvchi o‘q uzdi. Bu bir oy ichida sodir bo‘lgan uchinchi shunday hodisa.
Shimoliy Koreya harbiylari Janubiy Koreya bilan chegaradagi demilitarizatsiya qilingan zonada demarkatsiya chizig‘ini qisqa muddatga kesib o‘tdi, deb xabar bermoqda 21 iyun, juma kuni Janubiy Koreyaning «Ryonxap» axborot agentligi Koreya Respublikasi shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi (KShBQ) ma’lumotlariga tayanib. Janubiy Koreya chegarachilari bir necha marta ogohlantiruvchi o‘q uzganidan so‘ng, askarlar Shimoliy Koreya hududiga qaytishgan.
KShBQ vakilining so‘zlariga ko‘ra, payshanba kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 11:00 da sodir bo‘lgan voqea tasodifiy bo‘lishi mumkin. Bu - Shimoliy Koreya harbiylari iyun oyi boshidan beri ikki davlat chegarasini buzgan uchinchi holat. Shunga o‘xshash hodisalar 9 va 18 iyun kunlari ham qayd etilgan. KShBQ barcha chegarani kesib o‘tishlar qasddan sodir bo‘lgan deb hisoblaydi.
Shimoliy Koreya janubiy chegarani mustahkamlamoqda
«Ryonxap» xabariga ko‘ra, qoidabuzarliklar KXDR chegarani mustahkamlash uchun ko‘p sonli qo‘shinlarini safarbar etgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ular minalar o‘rnatmoqda, tanklarga qarshi to‘siqlar sifatida devorlar qurishmoqda, shuningdek, yo‘llarni mustahkamlash ishlari olib borilmoqda, deyiladi agentlik xabarida.
Ikki Koreya chegarasidagi ovoz kuchaytirgichlar KXDR propagandasiga qarshi kurash vositasi sifatida
Janubiy Koreya 9 iyun kuni Shimoliy Koreya bilan chegarada o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlar orqali eshittirishlar uzatishni qayta boshladi, deb xabar berdi Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyati. KXDRning chegaradosh hududlari aholisi Shimoliy Koreya senzurasi nazorati ostida bo‘lmagan yangiliklar va boshqa eshittirishlarni eshitishlari mumkin bo‘ladi.
Seul rasmiylari bu qarorni Shimoliy Koreyaning davom etayotgan «chiqindi hujumlari»ga javob deb atadi. May oyining oxiridan beri Shimoliy Koreya Janubiy Koreya tomon 1000 dan ortiq sharlarni uchirdi, ularga hojatxona qog‘ozi, plastik butilkalar, batareykalar, poyabzal qismlari va go‘ng to‘ldirilgan chiqindi qoplari bog‘lab qo‘yilgan.
Pxenyan, o‘z navbatida, bunday havo sharlari uchirilishi Janubiy Koreyaning avvalgi harakatlariga javob ekanligini, u ham KXDRga Kim Chen In rejimiga qarshi kurashishga chaqiruvchi varaqalar, dollar banknotalari va KXDRda taqiqlangan Janubiy Koreya filmlari hamda pop-musiqasi yozilgan fleshkalar bo‘lgan havo sharlari uchirganini bildirdi.
Mavzuga oid
18:54 / 09.11.2024
Seul: Shimoliy Koreya GPS-signallarni uzib, kemalar va aviatsiyaga xalaqit bermoqda
13:49 / 09.11.2024
Rossiyaga o‘qish maqsadida rekord darajada KXDR fuqarolari kirib keldi
10:48 / 09.11.2024
O‘zbekiston va Janubiy Koreya yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni muhokama qildi
10:08 / 09.11.2024