Poytaxtbank BAA kompaniyasiga 10 mln dollarga sotildi
“Poytaxtbank” AJ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni Birlashgan Arab Amirliklarining “Bond Investmens limited LLC” kompaniyasi 10 mln dollarga sotib oldi. Avvaliga bu bankni Rossiyaning Ekspobankiga sotish ko‘zda tutilgan, lekin geosiyosiy voqealar sabab kelishuv bekor qilingandi.
“Poytaxtbank” AJ ustav kapitalidagi 100 foiz aksiyalar paketi Birlashgan Arab Amirliklarining “Bond Investmens limited LLC” kompaniyasiga sotildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’lum qilishicha, BAA kompaniyasi Poytaxtbankni 10 mln dollarga, to‘lovni biryo‘la amalga oshirish sharti bilan xarid qilgan.
Avvalroq mazkur bankdagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha “Ekspobank” AJ (Rossiya Federatsiyasi) bilan kelishuv imzolangan edi. Davaktiv xabariga ko‘ra, xalqaro munosabatlarda yuzaga kelgan vaziyat sababli Ekspobank tomonidan amaldagi kelishuv shartlarini bajarish imkoniyati mavjud emasligi inobatga olinib, shartnoma o‘zaro kelishuvga asosan bekor qilingan.
“Shundan so‘ng, Davaktiv agentligi va xususiylashtirish jarayoniga jalb etilgan xalqaro professional konsultant “Deloitte” tomonidan strategik investorlardan takliflarni qabul qilish ishlari davom ettirildi.
Jarayon davomida “Bond Investmens limited LLC” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan taklif avvalgi talabgorlarning bildirgan sotib olish qiymatidan hamda mustaqil baholovchi (“KPMG” xalqaro kompaniyasi) tomonidan baholangan qiymatdan yuqori bo‘lgan tijorat taklifi bo‘ldi.
Mazkur jarayon konsultant “Deloitte” tomonidan muvofiqlashtirilgan va oldi-sotdi shartnomasi loyihasi tayyorlangan, konsultant tomonidan “Bond Investmens limited LLC” kompaniyasi hamda unga tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi, AQSh, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining ochiq sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagani o‘rganilgan”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Ta’kidlanishicha, investor Birlashgan Arab Amirliklarining yuqori sur’atlarda rivojlanayotgan investitsiya kompaniyalaridan biri bo‘lib, “Das Holding LLC” kompaniyasi guruhi tarkibida faoliyat yuritadi. Holding guruhi yaqin Sharq va butun dunyodagi diversifikatsiyalangan biznes sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalardan iborat. U BAAda islomiy va raqamli bankni o‘z ichiga olgan muvaffaqiyatli banklarni tashkil etish va ularning faoliyatini yuritish tajribasiga ega.
Davaktiv xabariga ko‘ra, investor tomonidan ushbu bank negizida eng zamonaviy mobil va raqamli moliyaviy texnologiyalarni joriy qilgan bank infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan.
Bitimni huquqiy jihatdan to‘liq yakunlash uchun investor O‘zbekiston Markaziy bankining “Poytaxtbank” AJ aksiyalarini sotib olishga doir dastlabki ruxsatnomasini olishi talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Poytaxtbankni Rossiyaning Ekspobank banki sotib olishi haqidagi xabarlar 2021 yilda ma’lum bo‘lgandi. O‘sha yili Toshkentdagi iqtisodiy forum doirasida Poytaxtbankni xususiylashtirish to‘g‘risida Rossiya banki bilan memorandum imzolangandi.
O‘sha yili oxirida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, bankni sotishdan tushgan mablag‘lar sotish bilan bog‘liq xarajatlarni chegirgan holda Toshkent shahar mahalliy budjetiga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Mahalliy budjetga kelib tushgan pullar Moliya vazirligi tomonidan Toshkent shahar mahalliy budjetiga ajratilgan budjet ssudalarini, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlarni qaytarishga yo‘naltirilishi belgilangan.
Bank O‘zbekiston prezidentining 2017 yildagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Asosiy faoliyati – tijorat bank operatsiyalari, qimmatli qog‘ozlar, valuta bilan operatsiyalar, kredit va kafolatlar berish.
Bank Toshkent shahar hokimligining 100 foiz muassisligida tashkil etilgan bo‘lib, ustav kapitalini shakllantirishga mahalliy budjetdan 100 milliard so‘m ajratilgan.
Mavzuga oid
13:31
Kaspi.kz «Humo» to‘lov tizimini xususiylashtirishdagi ishtirokini to‘xtatdi
20:00 / 13.11.2024
«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd so‘mga sotildi
13:58 / 25.10.2024
«Poytaxtbank» BAA kompaniyasi ixtiyoriga o‘tdi
21:13 / 21.10.2024