Sport | 07:11 / 27.06.2024
2632
3 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston milliy jamoasi murabbiyi: Jamoaning o‘yini kutilganidan ham yaxshi bo‘ldi

Gurjistonning Yevro-2024da Portugaliya ustidan qozongan tarixiy g‘alabasi futbolchilar va gurjistonlik muxlislarning kuchli reaksiyasiga sabab bo‘ldi.

Foto: Reuters

Gurjiston milliy jamoasining Portugaliyaga qarshi o‘yindagi shov-shuvli g‘alabasi, gurjistonliklarning futbol bo‘yicha Yevropa chempionatidagi debyutida pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi futbolchilarning o‘zlari, milliy jamoa bosh murabbiyi Villi Sanol va gurjistonlik muxlislarda kuchli reaksiyani keltirib chiqardi. «Biz Portugaliyani mag‘lub etishimizga hech kim ishonmagan edi, lekin hammaga Gurjiston jamoasi buni uddalay olishini ko‘rsatdik», dedi 26 iyun, chorshanba kuni o‘yinning 2-daqiqasida Portugaliya darvozasiga birinchi golni urgan Gurjiston jamoasi hujumchisi Xvicha Kvaratsxeliya.

Gurjistonlik jurnalist Dato Lobjanidze BBC 5 Live efirida g‘alabaga munosabat bildirdi: «Bu aql bovar qilmaydigan narsa, Tbilisi bugun uxlamaydi». 

Uchrashuvdan keyin Gurjiston prezidenti Salome Zurabivshili gurjistonlik futbolchilar bilan uchrashdi. 

Gurjiston bosh murabbiyi: Ularga 16 yoshda qanday o‘ynaganliklarini eslab ko‘rishni aytdim 

Gurjiston bosh murabbiyi Villi Sannol jamoasining o‘yini «kutilganidan ham yaxshi bo‘lgani»ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘yindan oldin u o‘z futbolchilarini «16 yoki 17 yoshda qanday o‘ynaganliklarini eslab ko‘rishga» undagan. 

O‘z navbatida Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines jurnalistlarga uning jamoasi gurjinlar o‘ynagan shiddatlilik darajasiga mos kelishi qiyin bo‘lganini aytdi. «Biz Gurjistonga yetarli baho bermasdan chiqmadik, lekin Gurjiston o‘zining tarixiy o‘yinini o‘tkazdi, biz allaqachon guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edik». 

Gurjistonda xursandchilik 

Gurjiston shaharlari ko‘chalariga minglab aholi o‘z milliy jamoasining g‘alabasini nishonlash uchun mamlakat bayroqlari bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videolarga qaraganda, gurjilar yo‘llarda raqsga tushib, nog‘oralar chalishgan.

Mavzuga oid