Jahon | 22:19 / 28.06.2024
30949
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy urushni to‘xtatish rejasi tayyorlanayotganini e’lon qildi

Ukraina bu yil Rossiya bilan urushni yakunlash bo‘yicha «umumqamrovli reja» tayyorlaydi va uni jahonning ko‘pchilik davlatlari qo‘llab-quvvatlaydi, deya umid qiladi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Sloveniya prezidenti Natasha Pirs-Musar bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

«Biz uchun jahonning ko‘pchilik davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan urushni yakunlash rejasini ko‘rsatish juda muhim. Bu biz ustida ish olib borayotgan diplomatik yo‘ldir. Boz ustiga, men avval ham aytganimdek, hammasi ham bizga bog‘liq emas», — dedi Zelenskiy .

Ukraina prezidenti Shveytsariyada o‘tgan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitini esga olib, Kiyev ayni paytda energetika, oziq-ovqat xavfsizligi va harbiy asirlarni almashish bo‘yicha uchta batafsil reja ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.

«Men bu masalalarni yechishimizga aminman. Kamida batafsil reja tayyorlaymiz. U yaqin kelajakda tayyor bo‘ladi. Biz «tinchlik formulasi»ning qolgan punktlari bo‘yicha ham ish olib borib, umumqamrovli reja ishlab chiqamiz va u hamkorlarimizga o‘rganib chiqish uchun taqdim etiladi», — dedi u.

Zelenskiy shuningdek Ukrainada pilotsiz boshqariladigan parvoz qurilmalari, radioelektron kurash vositalari va artilleriya snyaryadlari ishlab chiqarish salmog‘i oshayotganini ma’lum qildi.

«Bu ishlarni kimdir urushni xohlayotgani uchun amalga oshirayotganimiz yo‘q. Biz boshdan bosh urushga qarshi bo‘lganmiz. Endi hech kim hohlamayapti. Biz shunchaki tinchlik istaymiz», — dedi u.

Bu holatda Ukraina prezidenti o‘z harbiy ishlab chiarishini rivojlantirayotganiga urg‘u berib, bu ularga «kuchli bo‘lish» uchun zarur ekanligini ta’kidladi.

«Rossiya kuchdan boshqa hech narsani tushunmaydi va kuchlilardan boshqa hech kimni hurmat qilmaydi. Ya’ni bu ikki parallar narsa — jang maydonida kuchli bo‘lish hamda aniq va batafsil reja ishlab chiqish. Bu reja esa shu yil tayyor bo‘ladi», — degan Volodimir Zelenskiy.

Mavzuga oid