Toshkentda “Orzu” xayriya ko‘rgazmasi davom etmoqda
Ko‘rgazmada ko‘zi ojiz bolalar taassurotlari asosida yaratilgan asarlar namoyish etilmoqda. Ularni sotishdan tushgan mablag‘lar bolalarning ko‘rish qobiliyatini tiklash uchun operatsiyalariga yo‘naltiriladi.
Toshkent shahridagi Fotosuratlar uyida “Orzu” xayriya ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan suratlar ko‘zi ojiz bolalar tasavvur olami hamda sun’iy idrok uyg‘unlashuvi asosida ishlangan bo‘lib, bu turdagi kartinalar namoyishi O‘zbekistonda ilk marta tashkil etildi.
Ko‘rgazmaga 16 nafar bolaning tasavvur olami asosida yaratilgan 20 dona surat qo‘yilgan. Kartinalar bugun, 29 iyun kuni soat 19:00 da o‘tkaziladigan auksionda sotiladi.
Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi Mahliyo Shukurova suratlarning boshlang‘ich narxlari 8 million so‘mdan boshlanishini qayd etdi. Auksionda sotilgan ijodiy ishlardan tushgan mablag‘lar ko‘zi ojiz bolalarning ko‘rish qobiliyatini tiklash uchun mo‘ljallangan operatsiyalarga yo‘naltiriladi.
Tadbir tashkilotchilarining ta’kidlashicha, loyihani amalga oshirishning dastlabki bosqichida hududlardan ko‘rishda nuqsoni bor turli yoshdagi bolalar tanlab olingan. Ular o‘zlarining xohishi va ota-onalarining roziligi asosida tanlangan. Bolalar bilan psixologlar, shifokorlar hamda jurnalistlar ishtirokida suhbat o‘tkazilib, respondentlarning dunyoqarashi, xayoloti, orzulari o‘rganilgan.
“Mutaxassislar jamoasi bolalar va o‘smirlarning tasavvur olami borasidagi fakt va elementlarni jamlab, matn holiga keltirishdi. To‘plangan ma’lumotlar sun’iy idrokka kiritildi va u bolalarning botiniy dunyosi aksini virtual tasvirlarga aylantirib berdi. Shundan so‘ng sun’iy idrok yaratgan suratlar rassomlar tomonidan rangtasvir ko‘rinishiga keltirildi”, — deydi asosiy g‘oya mualliflaridan biri Hikmatillo Ubaydullayev.
Suratlarni ishlashda ChatGPT, Dall-E, Midjourney, Leonardo AI kabi sun’iy idrok imkoniyatlaridan foydalanilgan.
“Sun’iy idrok kuchi va inson ijodkorligi simbiozi asosida tashkil etiladigan ko‘rgazmalarni davomli qilish niyatimiz. Loyihaning keyingi bosqichlarini xalqaro miqyosda ham o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ko‘zi ojiz bolalar tasavvur olamini 3D texnologiyalar va VR(virtual reallik) imkoniyatlaridan foydalangan holda insonlarga tanishtirish niyatimiz bor”, – deydi Hikmatillo Ubaydullayev.
Ko‘rgazma 30 iyun 17:00 gacha davom etadi.
Ma’lumot uchun, Payme, Click va Payze to‘lov xizmatlari orqali ham loyiha uchun mablag‘ xayriya qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan.
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024