Jizzaxdagi bog‘da qo‘yib yuborilishi rejalashtirilgan 5 mingta shar yo‘q qilindi
Ekologiya vazirligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan yangi qarorni eslatib, ekologiyaga befarq bo‘lmagan fuqarolarni plastik o‘yinchoqlar, sharlar uchirish kabi tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslik, bunday tadbirlarda ishtirok etmaslikka chaqirmoqda.
Bundan bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatidagi Navro‘z bog‘ida 5 mingta shar uchirilishi haqida video tarqaldi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, sharlar yo‘q qilingan.
Ma’lum qilinishicha, Ekologiya vazirligi va Milliy gvardiya xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyida bo‘lib, holat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib borgan. O‘rganish davomida sharlar yorilib, yaroqsiz holatga keltirilgan.
“Ta’kidlash joizki, vazirlik tomonidan plastik o‘yinchoqlar, sharlarni uchirish, tabiatni ifloslantirishga, chiqindilar bilan to‘ldirishga sabab bo‘ladigan boshqa shu kabi tadbirlar doimiy tarzda qoralab kelinmoqda”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Yangi O‘zbekiston bog‘ida 10 000 ta plastik o‘rdakchalar tushirilmoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgan, vazirlik bu holat yuzasidan keskin munosabat bildirgan va bu tadbir bekor qilingan edi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 29 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha talablarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, ommaviy tadbirlarda fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulotlar va tovar moddiy boyliklarini bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzon narxlarda sotish orqali jalb qilish taqiqlandi.
“Ekologiya vazirligi bu kabi holatlarga chek qo‘yish maqsadida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish tarafdori. Shuning uchun ekologiyaga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizni plastik o‘yinchoqlar, sharlar uchirish kabi tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslik, bunday tadbirlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Mavzuga oid
09:25 / 06.11.2024
Jizzaxda qariyb 800 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fuqaro aniqlandi
08:30 / 28.10.2024
Jizzaxda ikkita yuk mashinasi to‘qnashdi
22:09 / 14.10.2024
Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
20:36 / 12.10.2024