O‘zbekiston | 13:56 / 02.07.2024
9424
2 daqiqa o‘qiladi

“Bolalarimizni ilmga, ma’rifatga o‘rgatishimiz kerak” – muftiy Nuriddin Xoliqnazar

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar bolalarga dunyoviy bilimlarni o‘rgatish haqida gapirdi. “Agar biz buni o‘rganmasak, bolalarimizga o‘rgatmasak, ertaga biz boshqalarga tobe bo‘lib qolamiz”, - dedi u.

“Payg‘ambarimiz alayhisolatu vasallam ilm olishga juda katta e’tibor berganlar. Badr jangida bir qancha asirlar tushib qolgandi. Shunda buni muhokama qildilar, nima qilamiz deb.

Ba’zi sahobalar ularni jazolash kerakligini aytishadi. Boshqalari ulardan jarima undirish kerakligini bildirishadi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom ajib bir taklif berganlar.

O‘sha tushgan asirlar ichida ilmlilari, savodlilari bo‘lsa o‘sha ilmini o‘rgatsa keyin ozod qilamiz dedilar.

Savol tug‘iladi, u qo‘lga tushganlar mushrik edi. Payg‘ambarimiz alayhisolatu vasallam payg‘ambar edilar, vahdoniyat dinida turibdilar. Ular esa mushrik, nimani o‘rgatadi?

Bu yerda ulardan diniy ta’lim emas, hunar-kasb, dunyo narsasini o‘rgatishini aytganlar. Demak, dinimizda mana shu dunyoviy ilmlarni kasb-hunarni o‘rganishga e’tibor payg‘ambarimiz alayhisolatu vasallamdan bizga meros.

Agar biz uni o‘rganmasak, bolalarimizga o‘rgatmasak, ertaga biz boshqalarga tobe’ bo‘lib qolamiz.

Shunday bo‘lsinki, xalqning ichida musulmonlar bir paytlar butun dunyoni ilm-urfon bilan to‘ldirgani kabi bugun biz ham to‘ldirishimiz kerak. Bolalarimizni ilmga, ma’rifatga o‘rgatishimiz kerak”, — dedi muftiy.

Avvalroq shayx Nuriddin Xoliqnazarning Islomiy fiqh akademiyasi a’zoligiga qabul qilingani haqida habar berilgandi.

Mavzuga oid