Jamiyat | 07:46 / 02.07.2024
8141
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda ETK boshlig‘i firibgarlikda ayblanib ushlandi

Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i MChJning elektr ta’minotidan katta miqdordagi qarzdorligini kamaytirib berish evaziga 90 mln so‘m olgani aniqlangan. U ushbu mablag‘dan 3 mln so‘mini qaytarib berayotganida tezkor tadbirda ushlangan. 

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Guliston shahrida firibgarlik yo‘li bilan tadbirkorning 90 mln so‘mini qo‘lga kiritgan elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Guliston shahar bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i D.N. shahar elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi vazifasida ishlagan davrida “G.S.K.” MChJning elektr ta’minotidan 202,5 mln so‘m qarzdorligini kamaytirib berishi evaziga MChJ nazoratchisi A.G.dan 90 mln so‘m mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

U ushbu pullar hisobidan 3 mln so‘mni fuqaro U.M. orqali qaytargan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid