Jahon | 19:32 / 11.07.2024
8119
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Rossiyaning qimmatbaho qog‘ozlarini mamlakatdan olib chiqish talabini qo‘ydi

Qozog‘iston qimmatbaho qog‘ozlar markaziy depozitariysi barcha mijozlaridan Rossiya qimmatbaho qog‘ozlarini mamlakatdan tashqariga olib chiqishga chaqirgan, deb xabar bermoqda RBK.

Foto: kursiv.kz

Idoradagilar bu talabni Rossiya milliy hisob depozitariysi (MHD)ga nisbatan AQShning bloklovchi sanksiyasi joriy etilgani bilan tushuntirgan.

AQSh Moliya vazirligining xorijiy aktivlar ustidan nazorat boshqarmasi (OFAC)ning Moskva birjasi va uning tuzilmalari, jumladan, MHD bilan operatsiyalarni yakunlash to‘g‘risidagi bosh litsenziyasi 13 avgustgacha amalda bo‘ladi. Biroq Qozog‘istondan Rossiya qog‘ozlarini olib chiqishning so‘nggi muddati 10 avgust qilib belgilangan. Bunga sabab Qozog‘iston markaziy depozitariysi mijozlardan yo‘riqnomalarni qabul qilish va qayta ishlashi uchun biroz vaqt talab etiladi.

Gap “RU” ISINlariga ega, hisobi MHD tomonidan yuritiladigan bir qator qimmatbaho qog‘ozlar haqida bormoqda. Qozog‘iston markaziy depozitariysida muomalada bo‘lgan RU perfiksli 140 ga yaqin qimmatbaho qog‘ozlar borligi ma’lum bo‘ldi. Bular suveren qarz obligatsiyalari, korporativ bondlar va aksiyalardir.

«Markaziy depozitariy mijozlardan kelgan yo‘riqnomalarni qayta ishlash mobaynida bu xatti-harakat ortidan keladigan risklar va oqibatlarni inobatga olib bajarish imkoniyatini ko‘rib chiqadi», — deyilgan tashkilotda. Shu talab bayon etilgan xatni depozitariy barcha mahalliy qatnashuvchilarga jo‘natgan.

«Mohiyatan, xatda Rossiya ISINʼiga ega barcha qog‘ozlar bo‘yicha hisob-kitoblarni yakunlash va Qozog‘iston depozitariysini ulardan xalos qilish tavsiya etilmoqda. Qozog‘iston depozitariysi bu qog‘ozlarni portfellarda ko‘rishni istamayapti», — degan Yevropaning Mind Money borkeri rahbari Yuliya Xandoshko.

Agar mijozlar ko‘rsatib o‘tilgan muddatgacha Rossiya qog‘ozlarini muomaladan chiqarish to‘g‘risida talabnoma jo‘natmasa, ularning Qozog‘iston Markaziy depozitariysi depo hisobraqamlaridagi aktivlari muzlatiladi, Pen&Paper advokatlar hay’ati hamkori Kira Vinokurova.

«Tavsiyalarni bajarish asnosida aktivlar Rossiyaning sanksiyaga tushmagan depozitariylariga o‘tkazishi ham mumkin, biroq MHDga qaytarib bo‘lmaydi. Bu OFACʼning bosh litsenziyasiga zid», — degan BGP Litigation firmasining komplayens va sanksion huquq bo‘yicha yuristi Nikita Yershov.

Ushbu vaziyatda Qozog‘iston depozitariysining bosh maqsadi — 13 avgustdan so‘ng ehtimolli muzlatishga duchor bo‘lmaslik uchun mahalliy brokerlariga egalik zanjirida MHD ishtirokidagi pozitsiyalarni qisqartirishga imkon berish, degan FTL Adviser hamkori Igor Kuznets.

Qozog‘istonda mavjud Rossiya qimmatbaho qog‘ozlarining aniq hajmi noma’lum. Markaziy depozitariy ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning martidan dekabrigacha qozog‘istonlik brokerlar Rossiya qog‘ozlari bilan 641,1 mlrd tanga (1,4 mlrd dollar)lik bitimlarini amalga oshirgan. Shuningdek, 2022 yilda depozitariyga 50 mlrd tanga (104,6 mln dollar)lik aksiyalar va 2 trln tanga (4,2 mlrd dollar)lik boshqa moliyaviy vositalar o‘tkazilgan. 

Mavzuga oid