Ukraina Novorossiysk va Qrimga dengiz dronlari bilan hujum qildi
Dengiz kuchlarining uchuvchisiz uchoqlari Novorossiysk va Sevastopolga hujum qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi o‘nta ekipajsiz katerning yo‘q qilingani haqida xabar berdi.
Novorossiysk 18 iyul, payshanba kuni ertalab ekipajsiz katerlar tomonidan hujumga uchradi, dedi shahar rahbari Andrey Kravchenko. Erta tongda mer o‘zining Telegram-kanalida hujum tufayli Novorossiyskda sirena chalinayotgani haqida yozdi va birinchi qirg‘oq chizig‘i aholisini derazalari dengizga qaramaydigan xonalarga kirishga chaqirdi.
Moskva vaqti bilan soat 7.24 da Kravchenko ekipajsiz qayiqlarning hujum signali bekor qilingani va Novorossiysk aholisiga hech narsa tahdid solmayotgani haqida xabar berdi. Hujum oqibatlari haqida ma’lumot taqdim etilmagan.
Sevastopolga hujum
Ertalab dengiz kuchlarining uchuvchisiz uchog‘i Sevastopol shahriga hujum qilishga uringan. «Shaharda qattiq shovqin eshitildi, bu bizning harbiylarning suvusti uchuvchisiz uchog‘i tomonidan qilingan hujumni qaytarish edi», dedi Rossiya tomonidan tayinlangan «mer» Mixail Razvojayev. U boshqa tafsilotlarni keltirmadi.
O‘z navbatida, Ukrainaning «Krymskiy veter» Telegram-kanali obunachilarga tayanib, Sevastopolda portlashlar, shuningdek, otishma ovozlari eshitilgani haqida xabar berdi. Kanal rossiyalik harbiylar harbiy-dengiz kuchlarining uchuvchisiz uchog‘i hujumini qaytarayotgani aks etgan videoni joylashtirdi. «Krymskiy veter» xabariga ko‘ra, Mirniy va Novouzernoye qishloqlari yaqinida ham portlashlar eshitilgan. Ushbu ma’lumotni mustaqil tasdiqlash yo‘q.
Rossiya mudofaa vazirligi: o‘nta ekipajsiz kater yo‘q qilindi
Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berishicha, tunda Qora dengizda navbatchilik qilganlar Qrim yarimoroli tomon yo‘l olgan Ukrainaning o‘nta ekipajsiz katerini yo‘q qilgan. Bundan tashqari, vazirlik qo‘shimcha qilishicha, navbatchi havo hujumidan mudofaa tizimlari Qrim ustida 33 ta samolyot tipidagi dronlarni yo‘q qilgan va tutib olgan.
Rossiya Mudofaa vazirligining qo‘shimcha qilishicha, tunda havo hujumidan mudofaa vositalari Bryansk viloyati osmonida ikkita UUAni urib tushirgan. Viloyat gubernatori Aleksandr Bogomaz aytishicha, dronlar Bryansk tumani uzra yo‘q qilingan, qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q.
Ukraina Novorossiysk va Qrimga harbiy-dengiz kuchlarining uchuvchisiz uchoqlari yordamida birinchi marta hujum qilayotgani yo‘q. Oxirgi marta 3 iyul kuni Novorossiyskka ekipajsiz katerlarning hujumi haqida xabar berilgan edi.
Mavzuga oid
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024