Isi paykalni tutgan obinovvotlar: qovun dalasidan reportaj
Farg‘onaning Toshloq tumanida qovun yetishtirayotgan G‘ayratjon akaning qo‘li qo‘liga tegmaydigan kunlar allaqachon kelgan. Qovunlar ayni pishgan payt. Obinovvotlar hidi butun paykalni tutgan.
Toshloqlik G‘ayratjon Rahimov yer bilan til topishib, qovun ekishning havosini olgan dehqonlardan. U qovun ortidan yaxshigina daromad topib kelyapti.
“Yoshligimiz bepoyon dalalarda o‘tdi, dehqonchilikni handalak ekishdan boshlaganmiz. Otam ham mirishkor dehqon edi.
Tong sahar uyg‘onib paykalga qarasangiz ko‘zingiz quvnaydi, atrof yam-yashil, qovun hidi dimoqqa urib turishi rohat beradi, mehnatining charchoqlari chiqib ketadi.
Bu yil 80 sotix yerga ko‘kcha bilan obinovvot navlaridan ekdim. Hozirda qovunlar pishgan, har kuni bozorga chiqaraman, dam olish yo‘q, xalqqa yetkazib turibmiz. Bu yil mo‘lchilik bo‘lyapti, xalq maza qilyapti, arzonchilik.
O‘tgan yili hosil kamroq bo‘lgani uchun kilogrammga o‘lchab sotgandik, bu yil esa donaga sotilyapti, 4 mingdan 6 minggacha sotyapman donasini. Xalq duo qilsa bo‘ldi. Shuning o‘zi kifoya.
Qovunni kechki payt yoki saharda uzish kerak, aks holda, yaxshi chiqmaydi. Har kuni kechki payt uzib qo‘yaman-da, ertalab Farg‘ona shahridagi dehqon bozoriga olib borib sotaman.
Avvalgi qovun navlari shirinroq bo‘lardi. Kasallikka chidamli deb yangi qovun navlari ekilib, kampir qovun, amir qovun, ko‘kcha, obinovvot kabi navlar kamayib ketgandi, bu yil shu qovunlarni ham ko‘ryapman bozorda. Bu navlar juda shirin bo‘ladi, o‘zimizning nav-da.
Tarvuzning yengili, qovunning og‘irini ol, degan gap bor. Haq gap. Band joyigacha sarg‘ayib, to‘rlanib turgan qovun pishgan bo‘ladi”, deydi dehqon biz bilan suhbatda.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov
Mavzuga oid
11:20 / 22.11.2024
“Qani deputatlar, nega qaramayapti?” - propan narxidan haydovchilar xavotirda
19:02 / 21.11.2024
Farg‘ona aeroportida havo kemalarini qabul qilishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi
11:28 / 21.11.2024
Farg‘onada sodir bo‘lgan YTHda voyaga yetmagan qiz halok bo‘ldi
10:16 / 12.11.2024