Jahon | 08:30 / 21.07.2024
23084
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil Yamanga zarba berdi, qurbonlar bor

Bungacha husiychilar droni Tel-Avivga uchib borgan va bir kishi halok bo‘lgandi.

Foto: AP / Hani Mohammed

Isroil Yamandagi husiychilar nazoratida bo‘lgan Hudayda portiga aviazarbalar yo‘lladi, bu ushbu eronparast guruh uchirgan dron Tel-Avivga hujum qilganidan keyingi kunda ro‘y berdi. Isroil bosh vaziri aviazarbalarni mazkur hujumga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob deb atagan.

Isroil mudofaa armisi bayonotida husiychilarning «to‘qqiz oydan buyon tinmayotgan havo hujumlaridan keyin» isroilliklarning F-15 qiruvchi samolyotlari 1800 km masofadagi Qizil dengizning Hudayda porti hududidagi harbiy nishonlarga yopirilma zarbalar yo‘llagan.

Sanodagi husiychilar ta’siridagi hukumat esa Isroil dengiz sohili yaqinidagi neft saqlanuvchi omborlarga, shuningdek elektr stansiyalar bo‘ylab zarba yo‘llaganini ma’lum qilgan. Husiychilarga aloqador yangiliklar agentligi zarbalar oqibatida uch kishi halok bo‘lib, 80 dan ortiq kishi yaralanganini xabar qilgan.

«Biz hujum qilgan port umuman aybsiz emas, — degan isroilliklarga telemurojaatida bosh vazir Benyamin Netanyahu. — U harbiy maqsadlarda foydalanilgan va Eron tomonidan husiychilarga yetkazib berilgan ajalvor qurollarni tashish punkti bo‘lib xizmat qilgan».

«Hujum Isroilning bir fuqarosi halok bo‘lib, yana bir necha fuqaro yaralanishiga olib kelgan dron hujumiga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bo‘ldi», — degan Netanyahu.

Bir kun oldin husiychilar juma kuni tongda Tel-Avivga yetib borgan uchuvchisiz uchish apparati hujumi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. Portlash oqibatida tinch aholi vakillaridan bir kishi halok bo‘lgan — u yaqinda Belarusdan kelgan 50 yoshli erkak bo‘lgan, yana sakkiz kishi jarohatlangan.

Husiychilar oldin ham Isroil tomonga Eron dronlarini uchirgan, ular isroilliklarning havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan. Juma kuniga qadar bunday dronlar Tel-Avivga qadar yetib borgani bilan bog‘liq birorta holat ma’lum emasdi. Navbatdagi dron urib tushirilmaganini Isroil hukumati inson omili bilan bog‘lagan.

Husiychilar vakili Muhammad Abdulsalom Hudayda porti bo‘ylab aviazarbalarni «Isroilning Yamanga qarshi shafqatsiz tajovuzi» deb atab, undan maqsad husiychilarga G‘azo sektoridagi falastinliklarni qo‘llashni to‘xtatishi uchun bosim uyushtirish ekani, ammo bunday bo‘lmasligini aytgan.

G‘azoda urush boshlanganidan keyin husiychilar Yaman sohillari yaqinida Bob-al-Mandib bo‘g‘ozi orqali suzib o‘tuvchi kemalarga hujum qila boshlagandi. Ular bu hujumlar nishoni faqat Isroilga aloqador kemalar bo‘lishini ma’lum qilishgan. Ammo ularning hujumiga yo‘liqqan kemalarning ko‘pchiligi Isroil bilan aloqador bo‘lmagan.

Yaman sohillari yaqinidan dunyo kemachiligidagi eng muhim marshrutlardan biri o‘tadi. Hujum tahdidi tufayli ko‘plab kemalar Afrika janubini aylanib o‘tadigan juda uzoq marshrutdan foydalana boshladi, bu esa Yevropa hamda Osiyo o‘rtasidagi qatnovlarni sekinlashtirib, yuklar yetkazib berish narxini qimmatlashtirdi.

Britaniya va Amerika harbiy kemalari hamda samolyotlari yanvardan buyon bir necha marta Yamandagi husiychilar pozitsiyalariga hujumlar uyushtirdi, ammo bu dengizdagi xavfni to‘liq arita olmadi. Bundan tashqari, havo zarbalari boshlangach, guruh Britaniya va AQSh bilan bog‘liq bo‘lgan kemalarni ham nishonga oldi.

Shanba kuni port bo‘ylab yo‘llangan zarbadan keyin Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant uning mamlakati aniq signal yuborayotganini bildirdi. «Hudaydada chiqqan yong‘in butun Yaqin Sharq bo‘ylab ko‘rinib turibdi va uning ahamiyati ma’lum», — degan u.

«Husiychilar bizga 200 martadan ortiq hujum uyushtirdi. Ular Isroil fuqarolariga zarar yetkazgan ilk holatdan keyin biz ularga zarba berdik. Va biz bu talab qilingan istalgan joyda shunday qilamiz», — deya qo‘shimcha qilgan Galant.

«Bizga hujum qiladigan har kim o‘z tajovuzi uchun qimmat to‘lov qiladi», — degan telemurojaatida Netanyahu.

Husiychilarning oliy siyosiy kengashi esa Isroil aviazarbalariga «samarali javob» bo‘lishini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid