O‘zbekiston | 15:41 / 22.07.2024
27499
5 daqiqa o‘qiladi

O‘qishni ko‘chirish davom etyapti: talabalar nimalarni bilishi kerak?

15 iyuldan 5 avgustgacha xorijiy va mahalliy OTMdan o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar qabuli davom etadi. “Perevod”ni kimlar, qay tartibda amalga oshira oladi, qanday holatda o‘qishni ko‘chirish uchun ruxsat berilmaydi?

Foto: Kun.uz

15 iyuldan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi.“Perevod” jarayonida talabalarda paydo bo‘ladigan savollarga quyida batafsil javob olish mumkin.

Davlat oliygohlariaro o‘qishni ko‘chirish

O‘zbekistondagi bir davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga faqat 2 holatda o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi:

– talaba oila qurganda va turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga ko‘chmoqchi bo‘lganda;

– davlat xizmatchisi ish yuzasidan boshqa hududga ko‘chganda va turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini o‘sha hududga ko‘chirmoqchi bo‘lganda (ishga kirgan vazirlik xati asosida).

Xorijdan o‘qishni ko‘chirish

Bunda talaba mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshirishi kerak. Shu bilan birga, talaba Bilim va malakalarni baholash agentligi imtihonidan o‘tish ballini to‘plashi kerak. Bu yerda talaba uchun qo‘shimcha imkoniyat bor. Agar u belgilangan ballni to‘play olmasa, super-kontraktni to‘lab ham o‘qishni ko‘chirishi mumkin.

Biroq bu tartib faqat mos va turdosh yo‘nalish talablari uchun amal qiladi. Xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMdan o‘qishni ko‘chirish

Bunda talaba mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiradi va o‘tish ballini ham to‘plashi kerak bo‘ladi. Bunday talaba o‘tish ballini to‘play olmasa, super-kontrakt shartlari asosida o‘qishini ko‘chirishiga ruxsat beriladi.

Shu yerda muhim jihat: mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalish uchun esa bir martalik super-kontrakt to‘lab, imtihonsiz ko‘chirishi mumkin. Bu tartib xorijiy davlatdan O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishi uchun amal qilmaydi.

Quyidagilarni davlat nazorat qilmaydi, ko‘chirish shartlarini nodavlat OTMning o‘zi belgilaydi:

– davlat OTMdan nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish tartibini nodavlat oliy ta’lim muassasalarining o‘zi mustaqil belgilaydi;

– nodavlat OTMdan nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish;

– xorijdan nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish.

Quyidagilar OTM rektori tomonidan hal qilinadi:

– davlat OTM ichida bir yo‘nalish yoki fakultetdan boshqa yo‘nalish yoki fakultetga o‘qishni ko‘chirish;

– bir OTM va hatto bir yo‘nalish doirasida ta’lim shaklini yoki tilni o‘zgartirish.

Arizalar qabuli

Respublikadagi bir davlat oliygohidan boshqa davlat oliygohiga yoki bir oliygoh ichida o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar transfer.edu.uz sayti orqali ariza topshirishi mumkin.

Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat OTMga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlar esa my.uzbmb.uz sayti orqali hujjat topshirishlari mumkin.

Ariza topshirish jarayonida talabadan quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

– ariza (onlayn tarzda);

– transkript yoki reyting daftarchasi (JPG yoki Pdf shakli);

– akademik ma’lumotnoma (o‘qishni tiklovchilar uchun).

Ma’lumot uchun, o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar qabuli 15 iyuldan 5 avgustgacha davom etadi. O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballarining to‘liq ro‘yxati bilan bu yerda tanishishingiz mumkin. Bu yil eng yuqori o‘tish balli huquq sohasi uchun belgilangan – 140 ball. Keyingi yuqori balli yo‘nalish – sog‘liqni saqlash yo‘nalishida o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlar kamida 129 ball to‘plashi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili o‘qishni ko‘chirish uchun imtihon topshirganlarning 89 foizi o‘tish ballini to‘plolmagan edi.

Mavzuga oid