O‘zbekiston | 22:52 / 22.07.2024
5575
3 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi yana bir bankni jarimaga tortdi

Har bir mijoziga 250 ming so‘m berish va’dasi bilan reklama tarqatgan AVO bank jarimaga tortildi. Sababi, Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, bu reklamaga ishonib bank mijozi bo‘lgan fuqarolar va’da qilingan pullarni to‘g‘ridan to‘g‘ri hisobraqamlariga o‘tkazib ola olmaydi. Qo‘mita nomaqbul reklama uchun avvalroq Ipotekabankni ham jarimaga tortgandi.

Foto: Shutterstock

AVO bank (sobiq O‘zagroeksportbank) reklama qonunchiligini buzgan deb topilib, jarimaga tortildi.

Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bu bank ko‘rsatayotgan xizmatlari haqida noto‘g‘ri reklama tarqatayotgani yuzasidan qo‘mitaga murojaat kelib tushgan.

Murojaatda, bank saytining “AVO bonuslari” sahifasidagi reklama axborotlarida “250 000 so‘m har bir yangi mijozga”, “+250 000 ming so‘m Sizga va AVO'ning har bir yangi mijoziga”, “Hisobingizga 250 000 so‘m olish” va “Kartaga 250 000 so‘m olish” kabi ma’lumotlar ko‘rsatilgani, biroq bank tomonidan har bir yangi mijozga 250 000 so‘m pul berilmasligi, mazkur pul ko‘rinishidagi bonuslarni olish uchun bank mijozi ma’lum bir harakatlarni amalga oshirishi lozimligi, shunda ham mijozga 250 000 so‘m pul mablag‘i naqd pul ko‘rinishida taqdim etilmasdan, bankning mobil ilovasi orqali bonus ballari ko‘rinishida taqdim etilishi ma’lum qilingan.

Olib borilgan o‘rganishda aniqlanishicha, AVO bankning rasmiy veb-saytida “AVO – O‘zbekistondagi eng qulay mobil bank” mazmunidagi reklama joylashtirilgan. Bank tomonidan har bir yangi mijoz uchun 1 bonus bali 1 so‘mga teng bo‘lgan bonus ballari taqdim etiladi, mijozning o‘z xohishiga ko‘ra, bu bonuslarni pul mablag‘lariga almashtirish yoki bankning ko‘rsatgan xizmatlari uchun to‘lov sifatida ishlatishi mumkin. Shu sababdan reklamalarda “Har bir yangi mijoz uchun 250 000 so‘m oling”, “Har bir taklif qilingan shaxs uchun 50 000 so‘m”, “Hisob raqamiga 250 000 so‘m oling” mazmunidagi iboralardan foydalanilgan. Lekin mijozlar bu pul mablag‘larini hisob-raqamlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazib ola olmaydi.

Shu bilan birga, ushbu bankning OAV va tashqi reklama vositalarida tarqatgan reklama axborotlari qo‘shimcha ravishda o‘rganilganida, bir qator kamchiliklar aniqlangan.

Shularni inobatga olib, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasi 1-qismi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi 1-qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “AVO Bank” AJga nisbatan reklama va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani natijasida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi, deyiladi rasmiy xabarda.

Jarima summasi ochiqlanmagan.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organi avvalroq Ipotekabankni ham nomaqbul reklama tarqatgani uchun jarimaga tortgandi.

Mavzuga oid