Jahon | 23:08 / 24.07.2024
9757
2 daqiqa o‘qiladi

Putinga va’da qilingan birinchi rus elektromobili Xitoyda yig‘iladigan bo‘ldi

Rossiyada ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan “Atom” elektromobilini Xitoyda yig‘ish rejalashtirilmoqda. Garchi uning loyihasini ishlab chiqqanlar avvaldan buyurtmani yig‘ishni boshlab yuborgan bo‘lsa-da, hozircha avtomobil ishlab chiqarilmayapti, deb yozmoqda RBK.

Foto: atom.auto

Elektromobil loyihasini ishlab chiqqan “Kama” AJ va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RFPI) Xitoyning XY Group («Syuan Yuan») xalqaro korporatsiyasini jalb qilishga kelishib olgan, deb xabar bermoqda fondning matbuot xizmati. Hamkorlikka ko‘ra “Atom”ni Xitoy bozorida o‘tkazish, shuningdek Harbin shahrida elektromobilni ishlab chiqarish uchun sanoat maydoni va quvvatlarni izlab topish nazarda tutilgan. Rejalarda Xitoyda qo‘shma tadqiqot va ishlanmalar markazi tuzish ham bor.

Avvalroq RFPI “Atom”ni ishlab chiqarish uchun 2 mlrd rubl sarmoya ajratilishini ma’lum qilgan. Bugunga kelib bu avtomobil uchun 105 mingdan ziyod avvaldan buyurtmalar olingan.

O‘tgan yilning oxirida “Rostex” bosh direktori Sergey Chemezov RF prezidenti Vladimir Putinga “Atom”ning tajriba namunasi 2024 yilda paydo bo‘lishi, 2025 yildan boshlab seriyali ishlab chiqarish boshlanishini aytgan edi.

RBKning aniqlik kiritishicha, “Atom” 7 soniyada 100 km/h tezlikka erishadi, avtomobilning yurish zaxirasi esa 500 kmʼni tashkil etadi. “Atom” dizaynini Italiyadagi byurolardan biri ishlab chiqqan.

 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid