Jahon | 18:28 / 26.07.2024
4579
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iz davlatchiligining asoschi-otalari ro‘yxati tasdiqlandi

Prezident farmoni bilan 5 nafar tarixiy shaxsga zamonaviy qirg‘iz davlatchiligining «Asoschi otasi» unvoni berildi.

Foto: 24.kg

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘z farmoni bilan zamonaviy qirg‘iz davlatchiligining asoschi-otalari ro‘yxatini tasdiqladi.

Ro‘yxatga besh kishi kiritilgan:

- Ishenali Arabayev (1882-1933), pedagog, qirg‘iz maktablari uchun birinchi darslik «Qirg‘iz alippesi» («Qirg‘iz alifbosi») muallifi, qirg‘iz tilidagi birinchi gazeta «Erkin-Too» muharriri, «Manas» dostonini yig‘ish va yozib olish guruhi rahbari;

- Imonali Aydarbekov (1884-1938), Qoraqirg‘iz inqilobiy qo‘mitasi rahbari (1924-1925), Qirg‘iziston ASSR Bosh sudi raisi (1927-1929), keyinchalik Yengil sanoat va savdo xalq komissari;

- Abdiqodir O‘rozbekov (1889-1938), chor armiyasiga chaqirilishga qarshi O‘rta Osiyo qo‘zg‘oloni ishtirokchisi (1916), Qirg‘iziston ASSR / Qirg‘iziston SSR Markaziy Ijro Qo‘mitasi prezidiumi raisi (1927-1937);

- Abdikarim Sidiqov (1889-1938), qirg‘izlar tarixi va nasl-nasabiga oid asarlar muallifi. 1916 yilgi O‘rta Osiyo qo‘zg‘olonini bostirishda ko‘rsatgan yordami uchun 3-darajali Muqaddas Stanislav ordeni bilan mukofotlangan. U qirg‘iz xalqining avtonom davlatchiligini yaratish g‘oyasini ilgari surganlardan biri bo‘ldi. 1922 yil dekabrda u SSSR tashkil etilgan sovetlarning ta’sis qurultoyida yagona qirg‘iz delegati edi;

- Yusup Abdrahmonov (1901-1938). 1920 yillar boshida u Abdikarim Sidiqov, Ishenali Arabayev va boshqalar bilan birgalikda Turkiston Respublikasi tarkibida Tog‘li o‘lka tashkil etish taklifini ilgari surdi. 26 yoshida Qirg‘iziston ASSR Xalq Komissarlari Soveti raisi etib tayinlangan.

«Aynan ular XX asrdagi yangi davlatchilikning negizida turib, qirg‘iz xalqi o‘z tili, madaniyati va tarixi bilan Markaziy mintaqadagi boshqa xalqlar bilan teng asosda o‘z davlatini yaratishga haqli ekanligini ishonchli isbotladi», deyiladi prezident farmonida.

Qayd etilishicha, ushbu shaxslarga «Asoschi otalar» unvonining berilishi mamlakatning boshqa atoqli davlat va siyosiy arboblarining vatan oldidagi xizmatlarini umuman kamsitmaydi.

Farmon Qoraqirg‘iz avtonom viloyati tashkil topganining 100 yilligiga (1924 yil 14 oktyabr) bag‘ishlangan.

Asoschi-otalar ro‘yxatiga kiritilganlarning barchasi 1930 yillarda qatag‘onga uchragan. Ishenali Arabayev 1933 yilda qamoqda vafot etgan. Qolganlari 1938 yilda otib tashlangan. 1950 yillarda ularning barchasi oqlangan.

Mavzuga oid