Jahon | 07:47 / 27.07.2024
3398
2 daqiqa o‘qiladi

Chelyabinsk viloyatida to‘g‘on yorilishi: beshta qishloq suv ostida qoldi

Chelyabinsk viloyatida kuchli yomg‘ir tufayli to‘g‘on yorildi. Beshta qishloqning 200 ga yaqin aholisi falokat zonasida qolgan. Qishloqlardan biri butunlay suv ostida qolib ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q.

Foto: Donat Sorokin/ITAR-TASS/imago images

Chelyabinsk viloyatida 26 iyul, juma kuni uzoq davom etgan yog‘ingarchilik tufayli suv sathining keskin ko‘tarilishi sabab Kialimskoye suv omborida to‘g‘on yorildi. To‘g‘on yorilishi 100 metr maydonda kuzatilgan, inshootning umumiy uzunligi 500 metrni tashkil etadi, deya aniqlik kiritdi viloyat Favqulodda vaziyatlar vazirligi. Miass-Qorabash-Qishtim avtomobil yo‘lining bir necha kilometri suv ostida qolgan, u yerdagi transport harakati to‘sib qo‘yilgan.

Qorabosh shahar okrugida favqulodda holat e’lon qilindi. Tezkor shtab ma’lumotlariga ko‘ra, Kiolim, Muxametovo, Karasayevo, Baidashevo va Saktayevo qishloqlari suv toshqini zonasida. Ularning umumiy aholisi 200 ga yaqin. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videolarda mahalliy aholi uylarining tomlariga ko‘tarilayotgan suv sathi tufayli chiqib olganini ko‘rish mumkin. Qutqaruv xizmatlari uchta aholi punktini evakuatsiya qilishni tashkil qilmoqda, bir qishloq butunlay suv ostida qolgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. 

Okrugning barcha aholisidan chuchuk suv zaxirasini to‘plash, elektr energiyasi uzilishiga tayyor bo‘lish, evakuatsiya ehtimoli bo‘yicha hujjatlarni yig‘ish so‘ralgan.

Kialim suv ombori 1979 yilda Indishta daryosi va Katta Kialim daryosining qo‘shilish joyida qurilgan bo‘lib, suv omboridan sakkiz kilometr uzoqlikda joylashgan Qorabash shahri uchun ichimlik manbai bo‘lib xizmat qiladi. 

Mavzuga oid