Jahon | 10:07 / 29.07.2024
6171
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil: Hukumat iste’fosi uchun yangi norozilik namoyishlari

Namoyishchilar HAMAS garovga olganlarni ozod qilish va mamlakatda saylovlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuv imzolanishini talab qilmoqda. Ular bosh vazir Netanyahuga Qo‘shma Shtatlardan qaytishi bilan aeroportda «iliq kutib olish»ga va’da berdi.

Foto: Mostafa Alkharouf/Anadolu/picture alliance

G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod etish va Binyamin Netanyahu hukumati iste’fosi talab qilingan haftalik namoyishlarning minglab ishtirokchilari 27 iyul kuni kechqurun Tel-Aviv ko‘chalari bo‘ylab yurishdi. Namoyishchilar, shuningdek, Isroil nazorati ostidagi Jo‘lan tepaliklarining shimolidagi Majdal Shams qishlog‘iga raketa hujumi qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqladi. Isroil hujumda «Hizbulloh» harakatini aybladi.

The Times of Israel va Haaretz ta’kidlashicha, sobiq bosh vazir Ehud Barak namoyishda Netanyahu hukumatini ag‘darish uchun «keng ko‘lamli fuqarolar qo‘zg‘oloni, zo‘ravonliksiz fuqarolik bo‘ysunmaslik aksiyasi» bo‘yicha chaqirig‘ini takrorladi. 

Haaretz Tel-Avivdagi mitingdan keyin to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tganini, politsiyaning ba’zi namoyishchilarni kuch bilan tarqatib yuborgani va kamida bir nafarini qo‘lga olgani haqida xabar berdi. Nashrning ta’kidlashicha, norozilik namoyishlari bosh vazir Netanyahuning Kesariyadagi shaxsiy qarorgohi yaqinida, shuningdek, Hayfa, Quddus, Beer-Sheba va butun mamlakat bo‘ylab o‘ndan ortiq joylarda bo‘lib o‘tgan. 

28 iyul, yakshanba kuni Ben-Gurion aeroportida Netanyahuning AQShdan qaytishi vaqtida ommaviy namoyish bo‘lib o‘tishi kutilgandi.

Netanyahu HAMAS bilan kelishuv imzolanishini qasddan buzishda ayblanmoqda 

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) jasadlarini uch kun avval G‘azo sektoridan olib chiqqan besh garovga olinganning qarindoshlaridan ikkisi mitingda so‘zga chiqdi. «Agar biz tiriklarni reabilitatsiya qilish uchun olib kelmasak va o‘lganlarning oxirgisini dafn qilmasak, Isroil jamiyati ichkaridan qulab tushadi», - deya ulardan birining so‘zlarini keltiradi The Times of Israel. 

Namoyishlar oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida garovga olinganlarning ayrim qarindoshlari Binyamin Netanyahuni bosh vazir tomonidan qo‘yilgan qo‘shimcha talablar tufayli HAMAS harakati bilan ularni ozod qilish bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatishga oid muzokaralarni buzishda aybladi. Xabarlarga ko‘ra, har ikki tomonning yuqori martabali amaldorlari ularni amalga oshirishni «real emas» deb hisoblashgan. 

Netanyahu 24 iyul kuni AQSh Kongressidagi nutqi bilan garovga olinganlarning oilalari hafsalasini pir qildi, unda bosh vazir kelishuv majburiyatini olmagan, deb yozadi The Times of Israel. «Butun dunyo uning nutqini kuzatib turdi va butun mamlakat bir necha so‘z aytishini kutdi: «Men kelishuv imzoladim». Lekin u «kelishuv» so‘zini hatto ishlatmadi ham», - dedi «Yesh Atid» partiyasidan deputat Vladimir Beliak Hayfadagi mitingda. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 39 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid