Jahon | 07:39 / 29.07.2024
1514
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afrika davlatlari bilan savdo salohiyatini o‘rganyapti

Strategik islohotlar agentligi tomonidan Afrika davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlari o‘rganib chiqildi.

Foto: Kun.uz

Ayni paytda O‘zbekistonning Afrika mamlakatlariga eksportining 57 foizi Misrga yo‘naltiriladi. Boshqa hamkorlar qatoridan Marokash, Sudan, Janubiy Afrika va Tunis mamlakatlari o‘rin olgan. Aksariyat Afrika davlatlarining iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq, ular uchun O‘zbekistondan o‘g‘it va qishloq xo‘jaligi texnikalarini import qilish imkoniyati jozibali ko‘rinadi. 

Afrikaning ko‘plab mamlakatlari iqtisodiyotining ikkinchi muhim tarmog‘i tog‘-kon sanoati – neft va gazdan tortib (Jazoir, Gabon, Liviya va Nigeriya) metallar, minerallar (Namibiya va Janubiy Afrikada) va olmos (Botsvana) hisoblanadi. O‘zbekistonning tog‘-kon sanoati texnikasi eksporti ham ushbu mamlakatlarda qiziqish uyg‘otishi mumkin.

Misrga import qilish uchun Tartibga solinadigan mahsulotlar eksporti va importini nazorat qilish bosh tashkilotidan tegishli sertifikatni olinishi kerak. Misr eksport qiladigan polimer, temir va qog‘oz kabi ko‘plab mahsulotlar O‘zbekiston uchun qiziqish uyg‘otishi mumkin.

2022 yilda Janubiy Afrika Respublikasi O‘zbekistonga 2,33 mln dollarlik mahsulot, jumladan, kichik temir quvurlar, nikel, sitrus mevalari, elektronika, suyuqlik nasoslari va yong‘inga chidamli keramika eksport qildi. O‘z navbatida, O‘zbekistonning Janubiy Afrika Respublikasiga eksporti sulfatlar, sintetik filament iplari va sof paxta iplarini hisobga olgan holda 1,1 mln dollarni tashkil etdi.

Marokash tomonidan asosan eksport qilinadigan mahsulotlar aralash mineral va kimyoviy o‘g‘itlar, avtomobillar, izolyatsiyalangan simlar, fosfor kislotasi va kalsiy fosfatlaridan iborat. Shu bilan birga, asosiy import tovarlari neft va bug‘doydir. 2022 yilda Marokash O‘zbekistonga 659 ming dollarlik mahsulot eksport qilgan. O‘z navbatida, O‘zbekistonning Marokashga eksporti oltingugurt va neftni hisobga olgan holda 14 mln dollarni tashkil etdi.

Tunisning asosiy eksporti – izolyatsiyalangan sim, neft, erkaklar kostyumlari va zaytun moyi. Asosiy importga qayta ishlangan neft, neft gazi, bug‘doy va avtomobil kiradi. 2022 yilda Tunis O‘zbekistonga qiymati yarim million dollardan kam bo‘lgan mahsulot eksport qilgan. O‘z navbatida, O‘zbekistonning Tunisga eksporti 1,4 mln dollarni tashkil etib, asosan, rux, ip-kalava va to‘qilgan paxtadan iborat edi. O‘zbekiston eksportini kengaytirish uchun ilg‘or elektr butlovchi qismlar va uskunalar istiqbolli mahsulotlar bo‘lishi mumkin. Tovarlarni import qilish uchun maxsus hujjatlar talab qilinmaydi (tegishli litsenziya talablari bundan mustasno).

Keniya eksporti qiladigan asosiy mahsulotlar choy, gullar, qahva va titan rudalaridan iborat. Asosiy importga neft, palma yog‘i, bug‘doy, dori-darmonlar va avtomobillar kiradi. 2022 va 2023 yillarda O‘zbekistondan Keniyaga tovarlar eksporti hajmi ko‘p bo‘lmagan. Sulfatlar va qishloq xo‘jaligi texnikasi eksportini kengaytirish mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini chuqurlashtirish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishi mumkin. Keniyaga tovarlarni import qilish uchun bojxona tartib-taomillaridan o‘tish va Keniya standartlar byurosidan standartlashtirish sertifikatini olish uchun murojaat qilish kerak.

Savdo aloqalarini yanada kengaytirish, transport logistikasini yo‘lga qo‘yish va mahsulotlarimizni tashqi bozorlarga eksport qilish yo‘llarini ko‘paytirish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha taklif tayyorlandi.

Mavzuga oid