O‘zbekiston | 17:45 / 29.07.2024
4274
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni uzaytirmoqchi

Rossiya hukumati benzin eksportiga 1 martdan 1 sentabrgacha qo‘yilgan taqiqni uzaytirishni rejalashtirmoqda. RF bosh vaziri o‘rinbosarining aytishicha, taqiq sentabr va oktyabr oylarida ham o‘z kuchida qolishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Rossiya mavsumiy talabning oshishi fonida benzin eksportiga 1 martdan vaqtinchalik taqiq kiritgandi. Eksport taqiqi 1 sentabrgacha amal qilishi va u YeOII mamlakatlari, Mo‘g‘uliston, O‘zbekiston, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga kelishilgan yetkazib berish hajmlariga taalluqli emasligi ma’lum qilingandi.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novakning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, hozirda taqiqni sentabr va oktyabr oylarida ham o‘z kuchida qoldirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Mulozimning aniqlik kiritishicha, qaror talab va taklif muvozanati, shuningdek, ichki bozorni ta’minlash ehtiyojidan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun, may oyining oxirida RF Vazirlar Mahkamasi benzin eksportiga taqiqni istisno tariqasida iyun oxirigacha bekor qilgan, keyin ruxsat 1 avgustgacha uzaytirilgan.

“Biz 1 sentabrgacha embargoni qabul qildik, faqat iyul uchun istisno qilindi va 1 avgustdan boshlab istisno tugaydi. 1 avgustdan boshlab taqiq tiklanadi”, – dedi Novak energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha Rossiya–Xitoy hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishida jurnalistlarga.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tegishli qaror avgust oyida qabul qilinishi mumkin.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, benzin eksportiga taqiqdan maqsad – talab yuqori bo‘lgan davrda yoqilg‘i bozorida barqaror vaziyatni saqlab qolish. Cheklovlar xalqaro gumanitar yordam va shaxsiy foydalanish uchun eksport qilinadigan mahsulotlarga ta’sir qilmaydi. Taqiq, shuningdek, hukumatlararo kelishuvlar, jumladan, YeOII mamlakatlari bo‘yicha yetkazib berishlarga ham taalluqli emas.

Rossiya hukumati 2023 yil sentabr oyida ham yonilg‘i (benzin va dizel) eksportiga taqiq qo‘ygandi. Bu chora noyabr oyida bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil yanvar oyidan boshlab O‘zbekistondagi AYoQShlarda Rossiyaning AI-80 benzini paydo bo‘lgandi.

Shundan keyin, O‘zbekistonga benzin importi keskin oshdi. 2023 yilning dastlabki to‘rt oyida xorijdan 335,2 mln litr keltirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p.

2024 yilning 6 oyida esa O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshgan. Statagentlik tovarlar kesimida qaysi davlatdan qancha benzin import qilinganiga oid batafsil ma’lumot bermaydi. Kun.uz agentlikka 2024 yilning birinchi yarim yilligida qancha benzin import qilingani borasida so‘rov yubordi.

Mavzuga oid