Jahon | 08:11 / 01.08.2024
3466
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya chegarachilari Yerevan aeroportini rasman tark etdi

Rossiya chegarachilari Zvartnots nazorat-o‘tkazish punktida arman chegarachilari bilan birga 1992 yildan buyon ishlagan. Endi Yerevan iltimosiga ko‘ra, ular Armaniston poytaxti aeroportidan olib chiqib ketildi.

Foto: DW/A. Gazazyan

Rossiya chegarachilari 31 iyul, chorshanba kuni Yerevandagi Zvartnots aeroportidagi nazorat-o‘tkazish punktini rasman tark etishdi. News.am nashrining xabar berishicha, havo punktida davlat chegarasini qo‘riqlashni Armaniston tomoniga o‘tkazish to‘g‘risidagi protokolni Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Edgar Unanyan va Rossiya "FSB"ning Armanistondagi chegara bo‘limi boshlig‘i, general-leytenant Roman Golubitskiy imzoladi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, arman tomoni Rossiya tomoniga «chegara nazoratini ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli qo‘shma xizmati uchun» minnatdorchilik bildirgan va «Rossiya tomoniga hech qanday da’vosi yo‘q».

Rossiya chegarachilari soat 14:00 dan boshlab Zvartnots aeroportida pasport nazorati o‘tkazishni to‘xtatdi, dedi Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan. «Men arman chegarachilariga yaxshi va xavfsiz xizmat ko‘rsatishini tilayman», deb yozdi u.

Rossiya chegarachilari 1992 yildan buyon davlatlararo kelishuvga muvofiq, armanlar bilan birgalikda Zvartnots nazorat-o‘tkazish punktida ishlagan.

2024 yil fevral oyida Armaniston hukumati respublikaning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)dagi a’zoligi muzlatilganini e’lon qildi. Ko‘p o‘tmay, mamlakat parlamenti spikeri Alen Simonyan Rossiya "FSB" chegara xizmati zobitlarini Yerevan aeroportidan olib chiqishga chaqirib, buni rus qo‘shinlari Armaniston «chegaralarini himoya qilmasligi» bilan asosladi. Shu yilning mart oyida Yerevan Rossiya rasmiylaridan poytaxt aeroportida chegara xizmati ishini to‘xtatishni rasman talab qilgan edi.

Armanistonda "FSB" chegarachilarining roli haqidagi munozaralarga Ukrainaga qarshi urushdan qochgan rossiyalik Dmitriy Setrakov ishtirokidagi voqea ham sabab bo‘ldi. 2023 yil dekabrida Rossiya xavfsizlik kuchlari o‘z harakatlari haqida Armaniston huquq-tartibot idoralarini xabardor qilmay, Setrakovni Yerevanda qo‘lga oldi. Keyinroq Setrakov Rossiyaga deportatsiya qilingan. Armanistonlik huquq himoyachilari rossiyalik chegarachilarning harakatlarini «Armaniston huquq tizimiga hujum» deb atadi.

Mavzuga oid