O‘zbekiston | 18:33 / 02.08.2024
25650
2 daqiqa o‘qiladi

Bu yil maktablarda o‘quvchilar uchun majburiy forma joriy etilmaydi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar va tahlilda yagona maktab formasi maktab o‘quvchilari (ularning ota-onalari) o‘rtasida kiyinish bo‘yicha raqobatni cheklashi aniqlangan.

Foto: O‘zA

2024/2025 o‘quv yilida maktablarda o‘quvchilar uchun majburiy forma joriy etilmaydi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov ma’lumot berdi.

«Har yili har bir maktab tomonidan o‘z nizomi bo‘yicha belgilangan forma tanlab olinadi. Hozirga qadar o‘quvchilar bir xil forma kiysin, degan qattiq talab qo‘yilmadi. Demak, bu yili ham maktablarda majburiy forma joriy etilmaydi», dedi u.

Qayd qilinishicha, «Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari»ga muvofiq, o‘quvchilarning ta’lim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan o‘g‘il bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qizlar tor va tanani ochiq ko‘rsatuvchi yupqa, harir kiyimlarda kelishi hamda bo‘yni va barmoqlariga turli taqinchoqlar taqishi man etiladi.

Ta’kidlanishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar va tahlil natijalariga ko‘ra, yagona maktab formasi maktab o‘quvchilari (ularning ota-onalari) o‘rtasida kiyinish bo‘yicha raqobatni cheklaydi, turli xil ijtimoiy-iqtisodiy toifadagi oilalar farzandlari orasida tabaqalanishning vizual farqini keskin kamaytiradi.

2018 yilda hukumat tomonidan yagona maktab formalari namunalari tasdiqlandi. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uni ixtiyoriy tartibda kiyishga haqli ekani belgilandi. Maktab formalari majburiy bo‘ladigan sana 2019/2020 o‘quv yilidan 2024/2025 o‘quv yiliga – 5 yilga kechiktirildi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qaroriga tegishli tuzatishlar kiritildi. Unda yagona maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilab qo‘yilgan.

Mavzuga oid