Jahon | 08:40 / 02.08.2024
2769
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina tashqi qarzlar bo‘yicha to‘lovlarni vaqtincha to‘xtatdi

Prezident Zelenskiy bunday to‘lovlarni 1 oktyabrgacha to‘xtatib turish imkonini beruvchi tegishli qonunni imzoladi. Gap umumiy qiymati qariyb 20 milliard dollarga teng tashqi davlat qarzini restrukturizatsiya qilish haqida bormoqda.

Foto: Reuters

Ukraina 1 avgust, payshanbadan tashqi qarzlar bo‘yicha to‘lovlarni vaqtincha to‘xtatdi, deb xabar bermoqda Reuters. Bir kun avval mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy bunday to‘lovlarni 2024 yil 1 oktyabrgacha to‘xtatib turish imkonini beruvchi tegishli qonunni imzolagan edi. Qarzlar bo‘yicha birinchi to‘lov ham 1 avgustda to‘lanishi kerak edi.

Oliy rada budjet qo‘mitasi rahbari Roksolana Pidlasning so‘zlariga ko‘ra, prezident tomonidan imzolangan qonun loyihasi «restrukturizatsiyaning muhim elementi bo‘lib, 2027 yil oxirigacha suveren yevrobondlarga xizmat ko‘rsatish va to‘lash uchun to‘lovlardan 10 milliard dollardan ortiq mablag‘ni tejash imkonini beradi». Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) «muntazam ravishda ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan». 

Iyul oxirida Ukraina kreditorlar bilan qarzni qayta tuzish bo‘yicha kelishib oldi 

22 iyul, dushanba kuni Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal mamlakat Ukrainaning yevroobligatsiyalar egalari qo‘mitasi bilan tashqi qarz bir qismini restrukturizatsiya qilish bo‘yicha «prinsipial kelishuvlarga» erishganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam mamlakatga uni saqlash uchun uch yil davomida 11,4 milliard AQSh dollarini, 2033 yilgacha esa 22,75 milliard dollarni tejash imkonini beradi. Bo‘shatilgan resurslar, xususan, mudofaa, ijtimoiy himoya va Ukrainani qayta tiklashga yo‘naltiriladi, dedi Shmixal. 

Mamlakat Moliya vazirligi aniqlik kiritishicha, restrukturizatsiya 23,4 milliard dollarlik davlat obligatsiyalariga tegishli. U yakunlangach, yevroobligatsiyalarning to‘lov muddati uzaytiriladi: 1,172 milliard dollar miqdoridagi birinchi to‘lov 2029 yilda amalga oshiriladi. Vazirlik ta’kidlashicha, qayta tuzishsiz 9,381 milliard dollarlik qarzning asosiy summasi 2024 va 2029 yillar oralig‘ida to‘lanishi kerak edi. 

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina yevrobondlari egalari qo‘mitasiga birgalikda qimmatli qog‘ozlarning taxminan 25 foiziga egalik qiladigan investorlar kiradi. Ular 8,67 milliard dollarlik da’volaridan voz kechishdi. Barcha yevrobond egalarining kamida uchdan ikki qismi bitimni tasdiqlashi kerak. 

Qarzning umumiy miqdori qancha?

Rossiyaning keng miqyosli hujumi boshlanganidan beri Ukraina davlat qarzi keskin oshdi. Agar 2022 yil boshiga kelib u 98 milliard dollarga (91,5 milliard yevro) baholangan bo‘lsa, 2023 yil oxirida deyarli 141 milliard dollargacha o‘sdi. XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yil oxiriga borib Ukraina davlat qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 100 foizidan oshishi mumkin, deb yozadi RBK. 

Mavzuga oid