Jahon | 13:26 / 02.08.2024
2577
3 daqiqa o‘qiladi

YeI komissari rossiyaliklarning Vengriyaga kirishi soddalashtirilganidan xavotirda

Vengriyaning «milliy karta» dasturi rossiyaliklar va belaruslarni qamrab olishi Rossiya Federatsiyasidan bo‘lajak josuslar va diversantlarning YeIga kirishini osonlashtirishi mumkin, dedi Yevropa komissari Yuxansson.

Foto: AP

Yevropa ichki ishlar bo‘yicha komissari Ilva Yuxansson Vengriyaning Rossiya va Belarus fuqarolari uchun kirish qoidalarini yumshatish haqidagi qaroridan xavotirda. «Rossiya xavfsizlikka tahdid solmoqda. Biz hushyorroq bo‘lishimiz kerak. Potensial rossiyalik josus va diversantlarga Yevropa Ittifoqiga oson kirish imkonini berish barchamizning xavfsizligimizga putur yetkazadi», - dedi Yuxansson 1 avgust, payshanba kuni

Yevropa Ittifoqi komissari Vengriya hukumatidan o‘z pozitsiyasiga oydinlik kiritishni so‘radi. Agar Budapesht taklif qilgan yengilliklar Yevropa Ittifoqi xavfsizligiga xavf tug‘dirsa, Bryussel harakat qiladi, deb ishontirdi Yuxansson. 

Shengen zonasining muammosiz ishlashi umumiy manfaatdor masala, deya tushuntirdi murojaat muallifi. Yevropa Ittifoqining ichki ishlar bo‘yicha komissari boshqa YeI davlatlari xavfsizlik va migratsiya masalalari bo‘yicha fikrlarini hisobga olish zarurligini ta’kidladi. 

Vengriyaning «milliy kartalar» to‘g‘risidagi qarori va Yevroparlament tashvishi

Iyul oyi boshida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Rossiya Federatsiyasi va Belarus fuqarolarini «milliy karta» deb nomlangan dasturga kiritish haqidagi farmonni imzoladi. Ushbu hujjat Vengriyada ikki yilga uzaytirish imkoniyati bilan ishlashni xohlovchilarga beriladi. Bunday «milliy kartalar» Yevropa Ittifoqiga a’zo har qanday davlat tomonidan chiqarilishi mumkin. 

Yevroparlamentdagi Yevropa xalq partiyasi fraksiyasi rahbari Manfred Veber Yevropa Ittifoqi kengashiga yo‘llagan maktubida Budapesht qaroridan xavotir bildirdi. Rossiya va Belarus Yevropa Ittifoqida tahdid sifatida qabul qilinadi, shuning uchun Vengriyaning yangi amaliyoti «milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid soladigan josuslik faoliyati uchun jiddiy bo‘shliqlar yaratishi mumkin», deb tushuntirdi Veber. Siyosatchi Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlarini oktyabr oyidagi navbatdagi sammitda Vengriya uchun «milliy karta» masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Yevroparlamentning nemis «yashillari» a’zosi Sergey Lagodinskiy ham Budapesht qarorini tanqid qildi. Biroq, Redaktionsnetzwerk Deutschland media-guruhiga bergan intervyusida u Rossiya va Belarusdan kelgan barcha muhojirlardan shubhalanish kerak emasligi haqida ogohlantirdi. 

Vengriya bosh vaziri - Bryussel tanqidi ostida 

Vengriya va Yevropa Ittifoqi yetakchilari o‘rtasidagi munosabatlar uzoq vaqtdan beri tarangligicha qolmoqda. Vengriya bosh vaziri Orban yaqinda Bryussel tomonidan Kiyev, Moskva va Pekinga kelishilmagan safarlari uchun tanqid qilindi. Tashriflar Budapesht tomonidan Rossiyadan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainadagi urushni tugatish yo‘llarini topishga qaratilgan «tinchlikparvarlik missiyasi» sifatida taqdim etildi. Ushbu safar doirasida Vengriya bosh vaziri, xususan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. 

Mavzuga oid