Senegal Malidagi isyonchilar qo‘llab-quvvatlangani uchun Ukraina elchisini chaqirtirdi
Senegal Tashqi ishlar vazirligi Ukraina elchisi Yuriy Pivovarovning Malidagi tuareg isyonchilari haqidagi izohlarini «terrorizmni oqlash» deb baholadi.
Ukrainaning Dakardagi elchisi Yuriy Pivovarov Senegal Tashqi ishlar vazirligiga Ukraina elchixonasining Facebook sahifasida e’lon qilingan Malidagi tuareg isyonchilari haqidagi izohi sabab chaqirildi. Pivovarovning «Ukraina armiyasi tashviqot videosi»ga sharhi 25 iyuldan 27 iyulgacha «Vagner» XHK o‘nlab rus yollanma askarlarini va Mali hukumati armiyasi askarlarini o‘ldirgan tuareglarni «so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash»ni ifodalaydi. Bu haqda 3 avgust kuni Senegal Tashqi ishlar vazirligi saytida xabar berildi.
«Senegal Rossiya-Ukraina mojarosida qo‘llanadigan tashviqotni o‘z hududiga o‘tkazishga urinishlarga toqat qilmaydi», deb ta’kidladi vazirlik. Senegal terrorizmning har qanday ko‘rinishini rad etar ekan, «terrorizmni oqlaydigan, ayniqsa, Mali kabi birodar davlatni beqarorlashtirishga qaratilgan izohlarni qabul qilmaydi», deya qo‘shimcha qildi TIV.
Vazirlik Ukraina elchisiga vazminlik va aralashmaslik majburiyatlarini «eslatib o‘tdi», deyiladi bayonotda.
Malida «Vagner» XHKning katta yo‘qotishlari
Mali shimolidagi isyonchilar «Vagner» XHK guruhidan 84 nafar rossiyalik jangchi va Mali hukumati armiyasining 47 nafar askari o‘ldirilgani haqida xabar berdi, deya ma’lumot tarqatdi AFP 2 avgust kuni.
Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») vakili Andrey Yusov Ukrainaning Malidagi tuareg operatsiyasiga aloqadorligiga ishora qildi. «Isyonchilar rossiyalik harbiy jinoyatchilarga qarshi muvaffaqiyatli harbiy operatsiya o‘tkazish imkonini bergan o‘zlariga kerakli ma’lumotlarni oldilar», dedi u 29 iyul kuni bo‘lib o‘tgan telemarafonda boshqa tafsilotlarni keltirmagan holda.
Malida hukumat va isyonchilar o‘rtasida to‘qnashuv
Mali hukumati bilan ekstremistik va separatistik guruhlar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv 2012 yilda boshlangan. O‘shandan beri mamlakat, birinchi navbatda, xavfsizlik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasida inqiroz holatida.
Rossiyalik yollanma askarlar 2021 yildan beri Malida mavjud. 2020 yilda polkovnik Assimi Goita boshchiligidagi harbiylar mamlakatda hokimiyatni qo‘lga oldi. Ular Fransiya bilan an’anaviy aloqalarni uzdilar va Rossiya Federatsiyasi bilan yaqinlashishni boshladilar, «Vagner» XHKdan yollanma askarlarni mamlakatga taklif qildilar.
Xunta mamlakatning butun hududida, birinchi navbatda shimoliy Kidal mintaqasida nazorat o‘rnatish vazifasini qo‘ydi. 2023 yilda harbiylar Kidalni egallab olishga muvaffaq bo‘lishdi.
Mavzuga oid
13:20 / 15.10.2024
Kiyev Malidagi isyonchilarga UUA yetkazib berilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi
07:51 / 06.08.2024
Kiyev: Malining diplomatik munosabatlarni uzish haqidagi qarori - shoshqaloqlik
14:37 / 05.08.2024
Mali Kiyev bilan aloqani uzdi
09:41 / 02.08.2024