Jahon | 08:25 / 06.08.2024
1146
2 daqiqa o‘qiladi

TikTok mukofotlash dasturini YeIdagi ilovalaridan olib tashlaydi

TikTok ijtimoiy tarmog‘i Yevrokomissiya talablarini qondirdi va YeIda o‘z ilovalarida mukofotlash dasturidan foydalanmaslikka va’da berdi.

Yevropa komissiyasi (YeK) TikTok onlayn platformasiga TikTok Lite ilovasidagi mukofotlash dasturini bekor qilishni buyurdi, chunki u Yevropa raqamli xizmatlar qonuni (Digital Services Act, DSA)ni buzadi. Bu haqda 5 avgust, dushanba kuni YeK rasmiy saytida chop etilgan xabarda aytiladi

Mukofot dasturi foydalanuvchilarga video tomosha qilish, layk bosish, obuna bo‘lish va do‘stlarni taklif qilish kabi ma’lum «topshiriqlar»ni bajarganlik uchun ball to‘plash imkonini beradi. Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dastur «birinchi navbatda, platformalarning, ayniqsa bolalarga qaramlik ta’siri bilan bog‘liq xavflarni chuqur baholamasdan va xavflarni kamaytirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rmasdan» boshlangan. 

Yevrokomissiyaning TikTok’ga qarshi tekshiruvlari

YeK press-reliziga ko‘ra, TikTok ijtimoiy tarmog‘i mukofotlash dasturini Yevropa Ittifoqidagi ilovalaridan butunlay olib tashlashga va bu taqiqni chetlab o‘tadigan boshqa dasturni ishga tushirmaslikka va’da berdi. Ushbu majburiyatlarga rioya qilmaslik Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni buzishga va jarimaga olib kelishi mumkin, deyiladi xabarda. Ushbu qaror bilan Yevropa komissiyasi Ispaniya va Fransiyada TikTok Lite ilovasi ishga tushirilgandan ko‘p o‘tmay, 22 aprel kuni ijtimoiy tarmoqqa qarshi ochilgan rasmiy sud jarayonini yopdi. 

19 fevralda boshlangan TikTok bo‘yicha yana bir tekshiruv davom etmoqda. Bryusselga ko‘ra, u «voyaga yetmaganlarni himoya qilish, reklama shaffofligi, tadqiqotchilarning ma’lumotlarga kirishi va o‘ziga qaram dizayn va zararli kontent bilan bog‘liq xavflarni boshqarishga» qaratilgan. Agar TikTok DSA qoidalarini buzganlikda aybdor deb topilsa, ijtimoiy tarmoq global aylanmasining 6 foizigacha jarimaga tortiladi. 

Mavzuga oid