Jahon | 09:26 / 06.08.2024
4039
3 daqiqa o‘qiladi

Zeit: Volkswagen texnologiyalari Rossiyaga yashirincha qaytgan bo‘lishi mumkin

Germaniyaning Volkswagen konserni texnologiyalari Rossiya bozoriga kirgan Xitoyning Jetta brendi avtomobillarida qo‘llanishi mumkin, deb xabar bermoqda Zeit Online.

Foto: Fabian Bimmer / Reuters

Germaniyaning Volkswagen avtokonserni texnologiyalari iyul oyida Rossiya bozoriga kirgan Xitoyning Jetta kompaniyasi avtomobillarida qo‘llanishi mumkin. Bu haqda 5 avgust, dushanba kuni Zeit Online xabar berdi. Ukrainaga keng miqyosda hujumdan bir hafta o‘tib Rossiya Federatsiyasini tark etgan nemis konserni o‘z mahsulotlarini Rossiyaga eksport qilish haqidagi gumonlarni rad etdi va buning aksi haqidagi xabarlarni «yolg‘on» deb e’lon qildi. 

Zeit: Volkswagen’ning Rossiyadagi izi aniq 

Biroq, Zeit ta’kidlashicha, Volkswagen’ni Rossiyaga olib boradigan yo‘lni «aniq kuzatish mumkin». Jetta brendi Xitoyning FAW Group avtomobil kompaniyasiga tegishli. U, o‘z navbatida, Volkswagen rasmiy hamkori hisoblanadi - bu ikki kompaniya hatto FAW-Volkswagen qo‘shma korxonasiga ega. 

Hozirda rus iste’molchilari uchun mavjud bo‘lgan Jetta modellari dizayni bir vaqtlar Rossiya Federatsiyasida mashhur bo‘lgan Tiguan va Polo kabi Volkswagen modellaridan «biroz» farq qiladi. Agar Jetta Rossiya bozorida o‘z o‘rnini topmoqchi bo‘lsa, Volkswagen bundan katta ehtimol bilan foyda ko‘radi, deb hisoblaydi nashr. 

Nemis texnologiyalari Rossiyaga eksport qilinyaptimi?

Shu bilan birga, Zeit nemis konserni Davlat dumasi parallel importni qonuniylashtirganidan keyin Rossiyaga o‘z avtomobillarini ruxsatsiz olib kirishga bir necha bor duch kelganini ta’kidlaydi. Bu norasmiy dilerlarga Rossiya Federatsiyasiga yangi Volkswagen modellarini import qilish imkonini berdi, garchi ishlab chiqaruvchi buni taqiqlagan bo‘lsa ham. Bunga javoban Volkswagen bunday dilerlarni «qora ro‘yxat»ga kiritdi. 

Endi esa, Volkswagen Rossiya Federatsiyasiga Jetta avtomobillarini olib kirishga ruxsat bermagani haqidagi versiya «ishonarli ko‘rinmaydi», deb hisoblaydi nashr. Gap kichik avtomobil sotuvchisi haqida emas, balki Volkswagen’ga Xitoy bozoriga kirishni ta’minlaydigan Xitoyning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri FAW haqida bormoqda. Zeit tahririyati Volkswagen kompaniyasiga so‘rov yuborganidan bir kun o‘tib Rossiyaning Jetta Motors sayti ishlamay qoldi. Keyinchalik sayt yana ishlay boshladi, biroq asosiy sahifadan «nemis texnologiyasi» va «nemis DNKsiga ega krossover» so‘zlari yozilgan shiorlar yo‘qoldi.

Mavzuga oid