Sport | 15:19 / 08.08.2024
12241
11 daqiqa o‘qiladi

Olimpiadaning 12-kuni. Rekordchining yiqilishi va o‘smirlar bilan bellashgan qariya

Tayvanlik Lin ham finalga chiqdi, hindistonlik kurashchi ortiqcha 100 gramm tufayli medaldan mahrum bo‘ldi.

7 avgust, Parijdagi o‘yinlarning 12-kunida sportning 10 turida 23 ta medallar shodasi o‘ynaldi, shuningdek, medallar uchun bo‘lmasa ham hal qiluvchi bahslar o‘tkazildi.

Efiopiyalik yulduz hushidan ketdi

7 avgust, chorshanba kuni Parijdagi o‘yinlarda erkaklar o‘rtasida 3000 metr masofaga to‘siqlar osha yugurish bo‘yicha final bo‘lib o‘tdi. Unda Tokiodagi olimpiya chempioni, marokashlik So‘fiyon al-Bakkaliy g‘olib bo‘ldi, kumush va bronza — amerikalik Kennet Ruks hamda keniyalik Abraham Kibivotga nasib etdi. Ammo bu poygadagi asosiy voqea mazkur masofada jahon rekordchisi sanalgan efiopiyalik Lamehi Girmaning yiqilishi bo‘ldi.

Masofaning katta qismida yetakchilar guruhi yonma-yon kelishdi. Final aylanada Ruks ta’qibchilardan ilgarilab ketdi, ikkinchi o‘rinda Girma borayotgandi. Ammo oxirgidan oldingi to‘siqdan oshib o‘tayotganida efiopiyalik tizzasi bilan to‘siqqa tegib, yiqildi. U yerga orqasi bilan noqulay qo‘ndi, boshi ham yerga qattiq urildi, boshqa yuguruvchilar uning ustidan sakrab o‘tayotganida harakatsiz qotib qoldi. Girma hushini yo‘qotgandi.

Bu poygada oxirgi aylanish edi va shu tufayli tibbiy brigada xodimlari yo‘lakka chiqa olishdi. Ular Girmaga tez yordam ko‘rsatishga harakat qilishdi, keyin esa uni zambilga solib, tribuna ostiga olib ketishdi. L'Equipe xabariga ko‘ra, Lamexa «Stad de Frans»dagi tibbiyot punktida o‘ziga kelgan va atrofdagilar bilan gaplashgan. Keyin uni shifoxonaga olib ketishgan.

Girma — efiopiyalik 23 yoshli atlet, 3000 metr masofaga to‘siqlar osha yugurishda jahonning uch karra vitse-chempioni, Tokio Olimpiadasida kumush medal sovrindori. U hech qachon jahon chempionatlari va olimpiadalarda oltin ololmagan, ammo 2023 yil iyunida Parijdagi Brilliant liga bosqichida 7.52,11 natija bilan jahon rekordini o‘rnatgan. Bungacha eng yaxshi natija qatarlik Saif Sahid Shahinga tegishli edi va 19 yil saqlanib turgandi.

Hindistonlik sportchi ortiqcha 100 gramm tufayli medaldan mahrum bo‘ldi

100 gramm — ko‘p yoki kam? Bu savol hali hindistonlik sportchi Vinesh Pxogatning boshini ko‘p aylanadi. U kurash bo‘yicha turnirda birinchi bosqichda asosiy favorit, Tokio olimpiadasi chempioni, to‘rt karra jahon chempioni bo‘lgan yaponiyalik Yui Susakini mag‘lub etib sensatsiya ko‘tardi, yaponiyalik sportchi bir necha yildan buyon umuman yutqazmagan va hatto raqiblariga birorta ball bermagandi. Hindistonlik bu g‘alabadan ilhomlanib, o‘z yurishini davom ettirdi, avvaliga ukrainalik, keyin kubalik raqiblarni yengib finalga yo‘llanma oldi, ammo amerikalik Sara Hildebrandtga qarshi hal qiluvchi bahsda gilamga chiqa olmadi. Gap shundaki, Vinesh vazn bo‘yicha normativni topshira olmadi.

— Afsus bilan xabar qilamizki, Vinesh Pxogat 50 kg vazn toifasida olimpiya turniri finalidan chetlatildi. So‘nggi tun mobaynidagi barcha sa’y-harakatlarga qaramay, u tongda 50 kg.dan ko‘proq tosh bosdi, — deya Hindiston olimpiya assotsiatsiyasi bayonotini keltirgan Reuters agentligi.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, , u keragidan atigi 100 grammga og‘irroq chiqqan. Sportchi vazn o‘lchashga oldindan tayyorgarlik ko‘rgan. Final arafasidagi tunda u yugurgan, arqonda sakragan, velosiped uchgan. Favqulodda vazn tashlash Vineshning salomatligiga ham ta’sir ko‘rsatgan. U suvsizlanib, boshi aylana boshlagach, Olimpiya qishlog‘idagi tibbiyot xodimlari ko‘magiga ehtiyoj sezgan.

Seshanba tongida ham Pxogatning vazni ruxsat etilgan 50 kg.dan yuqori bo‘lgan. Ammo, katta ehtimol bilan, u uchta bahsdan keyin o‘zini tiklash jarayonini o‘tashni davom ettirgan oxirgi kunda vazni yanada oshgan. Natijada tunda u 2 kg atrofida vazn tashlashiga to‘g‘ri kelgan. Tongda esa Vinesh baribir vazn o‘lchashdan o‘ta olmagan va diskvalifikatsiya qilingan — Olimpiada reglamentida talablar shu darajada qattiq.

7 avgust kuni o‘tkazilgan finalda amerikalik Hildebrandtga kubalik Yusneslis Guzman Lopesni yengib oltinni qo‘lga kiritdi. Pxogatga 1/8 final va 1/4 finallarda yutqazgan Yui Susaki va ukrainalik Oksana Livach esa bronza uchun bahs olib borishdi va unda yaponiyalik chempion ustun keldi. Vinesh uchun esa Olimpiada katta fojia bilan yakunlandi.

Skeytbordda 51 yoshli guru

Chorshanba kuni skeytbord bo‘yicha musobaqada turnir ishtirokchilari yoshi orasidagi farq bo‘yicha rekord o‘rnatildi. Buyuk Britaniya bayrog‘i ostida sportning ekstremal turlari bo‘yicha afsona, skeytbord bo‘yicha ustoz, 51 yoshli amerikalik Endi Makdonald ham qatnashdi.

Makdonald — amerikalik bo‘lib butun umri davomida musobaqalarda Amerika bayrog‘i ostida ishtirok etgan, ammo bu safar britanlar jamoasiga qo‘shilgan, bunda otasi — angliyalik ekanidan foydalangan.

Makdonald 1990-yillar boshidayoq skeytbord superyulduziga aylangan, turnirdagi yosh raqiblari amalga oshirgan ko‘plab tryuklarni aynan u o‘ylab topgan, uning karerasida — turli medallardan bor, ammo bu kolleksiyada olimpiya medali yo‘q edi. Va bundan keyin ham bo‘lmaydi: Parijda u final bosqichiga o‘ta olmadi. Ammo, qattiq xafa ham bo‘lmagani ko‘rinib turardi.

Bu musobaqada oltinni avstraliyalik Kigan Palmer oldi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda amerikalik Tom Shaar va braziliyalik Augushtu Akiu egalladi.

Yana bir mojaroli bahs

Parij (Fransiya). Olimpiya o‘yinlari
Ayollar o‘rtasida -57 kg vazn toifasi. 1/2 final
Lin Yuytin (Tayvan) — Esro Yildiz Kahramon (Turkiya) — 5:0

7 avgust kuni ayollar boksida 57 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasi yarimfinalida tayvanlik bokschi qiz Lin Yuytin turkiyalik Esro Yildizni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etdi — 5:0. Bahs natijasi sensatsiya bo‘lmadi, 2023 yilgi jahon chempionatida erkaklik gormonlari yuqoriligi tufayli diskvalifikatsiya qilingan osiyolik sportchining imkoniyati yuqori baholanayotgandi. Jangdan keyin Yildiz qattiq xafa bo‘lib ko‘rinmadi — ringdan ketish oldidan u ko‘rsatkich barmoqlari bilan xoch shaklini yasab, buni barcha tomoshabinlarga ko‘rsatdi.

Tayvanlik bokschiga chorakfinalda yutqazgan bolgariyalik bokschi Svetlana Staneva ham xuddi shunday jyest qilgandi. U katta ehtimol bilan lotin yozuvidagi X harfini, aniqrog‘i ayol jinsini bildiruvchi X-xromosomani ko‘rsatgan. Parijdagi o‘yinlar davomida Yuytin va boshqa bir bokschi, jazoirlik Iman Helif gender mansubligi bo‘yicha bahslar va ularda Y-xromosomalar mavjudligi bo‘yicha taxminlar tufayli tanqid ostiga olinmoqda.

Helif va Lin atrofidagi munozara ularning ikkisi ham o‘tgan yili Hindistonda bo‘lib o‘tgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati vaqtida gender testdan o‘ta olmagani tufayli paydo bo‘lgan. Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) ularning ikkisini ham o‘z musobaqalaridan chetlatgan, ammo ularga Olimpiadada ishtirok etishga ruxsat bergan, chunki Xalqaro olimpiya qo‘mitasi IBA va uning qarorlarini tan olmaydi. Parijda boks bo‘yicha musobaqaga IBA qoidalari qo‘llanmaydi, gender testlar o‘tkazilmaydi, shu tufayli jazoirlik va tayvanlik sportchilar o‘zlaridan kuchsizroq bo‘lgan raqiblar bilan jang qilmoqda.

Yarimfinalda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham Yildiz medalsiz qolmaydi — olimpiyaning boks bo‘yicha turnirida uchinchi o‘rin uchun bahslar o‘tkazilmaydi, shu tufayli turkiyalik ham, shu vazn toifasida yarimfinalda yutqazgan filippinlik Nesti Petesio ham bronza bilan taqdirlanadi.

Finalda esa Linga polshalik 20 yoshli Yuliya Sheremeta raqiblik qiladi. Oltin uchun jang 10 avgust kuniga belgilangan.

Olimpiadada yana bir unikal kadr

Parij Olimpiadasida 100 m masofaga yugurish bo‘yicha oltin medal taqdirini 0,005 soniya hal qildi. Ammo sportning boshqa bir turida farq yanada qisqaroq bo‘ldi. Velosportning trek yo‘nalishidagi sprinter poygada g‘olib va mag‘lub natijasi 0,001 soniyaga farqlandi! Va mingdan bir ko‘rsatkich yutqazgan sportchining keyingi bosqichga o‘tishiga imkon bermadi.

Erkaklar o‘rtasida sprint bahslari 1/8 final bosqichida sobiq rossiyalik, hozirda Isroil nomidan ishtirok etayotgan Mixail Yakovlev va britaniyalik Hamish Tyornbull bellashdi. Raqiblarning kuchi mutlaqo teng edi va hakamlar kim birinchi bo‘lib marraga yetib kelganini uzoq vaqt davomida aniqlashdi. Yakunda elektronika Tyornbull mingdan bir soniyaga tezroq bo‘lganini ko‘rsatdi.

Bu lahzani fotofinishda ham payqash qiyin edi, ammo britaniyalik keyingi bosqichga o‘tdi, isroillik velopoygachi o‘tish bahslariga yo‘l oldi va u yerda ham yutqazdi.

Reytingda hamon AQSh yetakchilik qilmoqda

Olimpiadaning 12-kunida peshqadamlar uchtadan oltin yutishdi. AQSh jamoasi yengil atletika, ayollar kurashi va trekdagi velosportda oliy o‘rinlarni qo‘lga kiritdi va jami medallari sonini 94 taga yetkazib (27 – 35 – 32) birinchi o‘rinda bormoqda.

Xitoyliklar esa sinxron suzish og‘ir atletikadagi (2) g‘alabalar bilan o‘z muxlislarini xushnud etishdi. Osiyoliklar jami 65 ta medal jamg‘arib (25 – 23 – 17) ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Oldinda yana 100 dan oshiq medallar shodasi o‘ynalishi hisobga olinsa, oradagi farq u qadar katta emas. Birinchi o‘rin uchun kurash hali qizishda davom etadi.

Avstraliya katta farq bilan uchinchi o‘ringa mustahkam joylashgan (18 – 12 – 11). To‘rtinchi o‘rin uchun esa hozirgacha oltinlari sonini 10 tadan o‘tkazgan Fransiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Janubiy Koreya kurash olib boradi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid