Jahon | 12:44 / 09.08.2024
1834
2 daqiqa o‘qiladi

Gurjistonda «besh kunlik urush» qurbonlari yodga olindi

Davlat rahbarlari va muxolifat yetakchilari Tbilisidagi Muxatgverdi yodgorligini ziyorat qildi.

Foto: AP

Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze va boshqa mamlakat rasmiylari, shuningdek, diplomatik korpus vakillari 2008 yil avgustida Rossiya bilan urushning 16 yilligi munosabati bilan 8 avgust kuni Tbilisidagi birodarlik Muxatgverdi qabristoniga yig‘ildi.

Memorialga tashrif chog‘ida bosh vazir va hukumat a’zolari gulchambarlar qo‘yishdi.

OAV vakillari bilan suhbatda Kobaxidze «Gurjistonning hududiy yaxlitligi albatta tiklanadi, u tinch yo‘l bilan tiklanadi va bizning qahramonlar orzusi ushaladi», dedi.

Muxatgverdidagi birodarlik qabristonida Gurjiston parlamenti raisi Shalva Papuashvili ham bor edi. «Biz tinchlikning mo‘rtligini va mamlakatda urushning oldini olish uchun siyosiy rahbariyat mas’uliyatini unutmasligimiz kerak», dedi u jurnalistlarga.

Muxolifat yetakchilari va prezident Salome Zurabishvili 7 avgust kuni Muxatgverdiga tashrif buyurdi.

Bundan tashqari, davlat rahbari ajratuvchi chiziqqa tashrif buyurib, Ergneti qishlog‘idagi okkupatsiya muzeyiga bordi.

8 avgust, payshanba kuni Gurjistonda urush qurbonlari xotirasi uchun hukumat binolari ustida bayroqlar tushirib qo‘yildi. Parlament binosi, prezident saroyi, hukumat ma’muriyati oldida, shuningdek, mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari oldida ham bayroqlar tushirildi.

Mavzuga oid