Jahon | 20:45 / 09.08.2024
8366
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning yana bir hududida migrantlarga taksida ishlash taqiqlandi

Krasnoyarsk o‘lkasida migrantlar mehnatiga bir qancha cheklovlar kiritildi. Qayd qilinishicha, migrantlar ishlashi taqiqlanadigan sohalar yanada ko‘payishi mumkin.

Foto: Global Look Press

Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Mixail Kotyukov chet ellik ishchilarning ayrim sohalarda ishlashini cheklovchi farmonni imzoladi.

Jumladan, migrantlarga taksida yo‘lovchilarni tashish, ixtisoslashgan do‘konlarda alkogolli ichimliklar, shu jumladan pivoning chakana savdosi, ixtisoslashgan do‘konlarda tamaki mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanish taqiqlandi.

Kotyukov yozganidek, «ish beruvchilar chet ellik ishchilarni chetlatishga ulgurishi uchun» farmon 2025 yil 1 martdan kuchga kiradi.

Qayd qilinishicha, migrantlar ishlashi taqiqlanadigan sohalar yanada ko‘payishi mumkin.

«Rossiya Ichki ishlar vazirligining Krasnoyarsk o‘lkasi bo‘yicha bosh boshqarmasi bilan birgalikda biz shunga o‘xshash yechimlar zarur bo‘lgan boshqa tarmoqlar va faoliyat sohalarini tahlil qilishda davom etamiz», deyiladi xabarda.

Rossiyaning bir qator mintaqalarida: Tomsk, Samara, Lipetsk va Kursk viloyatlarida mehnat migrantlarining muayyan sohalarda ishlashini taqiqlovchi farmoyishlar allaqachon kuchga kirgan. Ko‘pincha gap taksi haqida ketadi.

Iyul oyi oxirida Rossiya Davlat Dumasiga chet el fuqarolariga maktab va maktabgacha ta’lim, tibbiyot va farmatsevtika, yo‘lovchi tashish sohalarida ishlashni, shuningdek, «ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanishni taqiqlashni» taklif qiluvchi qonun kiritilgan edi.

Shu bilan birga, Rossiyada patent asosida ishlayotgan migrantlarning daromadini 30 foizgacha soliqqa tortish taklif qilindi.

Mavzuga oid