Jahon | 10:03 / 12.08.2024
6158
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina harbiylari Kursk viloyatidagi uchinchi tumanga kirib bordi

Ukraina harbiylari guruhlari Kursk viloyatining Belovskiy tumaniga kirdi, deb xabar berdi tuman rahbari Nikolay Volobuyev.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

11 avgust, yakshanbaga o‘tar kechasi Ukraina harbiylari Kursk viloyatining Belovskiy tumaniga kirib, shu orqali Rossiya Federatsiyasi hududidagi mavjudligini kengaytirdi. Bu haqda tuman rahbari Nikolay Volobuyev ma’lum qildi. «Bizning hududimizga diversiya-razvedka guruhlarining kirib kelishi katta sarosima keltirib chiqarib, vahima uyg‘otdi», - deydi Volobuyev mahalliy aholiga yo‘llagan videomurojaatida.

Volobuyev, shuningdek, rasmiylar hozir «chegaraoldi hududlaridagi ba’zi jihatlarni tushunmayapti», dedi. U tinchlanishga va Belovskiy tumanidan chiqib ketgan aholini «yetib borgan joyda qolishga» chaqirdi.

Ukraina diversiya-razvedka guruhlarining Belovskiy tumani hududiga kirishini Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rus harbiylari «vaziyatni barqarorlashtirishga» muvaffaq bo‘lgan. Smirnovning ta’kidlashicha, Belovskiy tumanida «harbiy to‘qnashuvlar yo‘q», harbiylar va chegarachilar Rossiya Federatsiyasi chegarasini himoya qilmoqda. 

11 avgustgacha Kursk viloyatining ikki tumani - Korenev va Sudja hududida janglar bo‘lib o‘tdi. Belovskiy tumani Sudjadan janubi-sharqda joylashgan va Belgorod viloyatiga tutashgan. 

Z-kanal: Ukraina Belgorod viloyati yaqiniga qo‘shinlarni olib kelmoqda 

Bir kun avval Rossiya xavfsizlik kuchlariga yaqin bo‘lgan «VChK-OGPU» Telegram-kanali Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Belgorod viloyati chegaralariga «jangovar qo‘shinlar»ni to‘playotgani haqida xabar bergan edi. «Shu munosabat bilan Rossiyaning ushbu hududiga hujum bo‘lishi mumkin», deyiladi xabarda. Bu ma’lumotni mustaqil manbalardan tasdiqlashning hozircha imkoni yo‘q. 

Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgustdan buyon Kursk viloyatida harbiy amaliyot o‘tkazmoqda. 10 avgust kuni Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi (ATO) rejimi joriy etildi. 

ISW: Kreml Ukraina hujumi ko‘lamini pasaytirib ko‘rsatmoqda

Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) so‘nggi hisobotiga ko‘ra, Kreml Ukraina harbiylari Kursk viloyatida Rossiya chegarasini buzib o‘tganidan keyin yuzaga kelgan vaziyat jiddiyligini pasaytirib ko‘rsatishga urinmoqda. Rossiyaliklar orasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vahimaning oldini olish uchun mintaqa jangovar harakatlar hududi deb e’lon qilinmadi, deyiladi hisobotda. 

Mavzuga oid