Iqtisodiyot | 19:09 / 16.08.2024
2319
2 daqiqa o‘qiladi

Taksi haydovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tganlar soni yarim milliondan oshdi

Yil boshidan beri ular tomonidan 166 milliondan ortiq qatnov uchun 3 trillion so‘mlik fiskal chek berilgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 576,1 ming haydovchi taksi xizmati sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, avval norasmiy ishlab kelgan 576,1 ming haydovchi yo‘lovchi tashish sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 361 ming nafardan ziyodi agregatorlar orqali xizmat ko‘rsatadi, bu mart oyidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 2 barobar ko‘p. Taksi haydovchilarining 99,2 foizi erkaklar hisoblanadi.

Shu bilan birga, yil boshidan 15 avgustgacha agregatorlar orqali 166 milliondan ortiq qatnov uchun 3 trillion so‘mlik fiskal chek berilgan. 1 mart holatiga (18,3 mln qatnov) taqqoslaganda qatnovlar soni 9 barobarga ortgan.

Aprel oyida 6 ta taksi agregatori soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan bo‘lsa, avgustga kelib, ularning soni 142 tani tashkil etgan.

Bir martalik yo‘lovchi tashishning o‘rtacha narxi 18 ming so‘mni tashkil etgan. Yo‘lkiraning 75,3 foizi naqd ko‘rinishida to‘langan.

Ta’kidlanishicha, to‘lovlarni fiskallashtirish o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilarning daromadlari haqida ma’lumot olish imkonini bermoqda. Ularning yil boshidan to 15 avgustgacha bo‘lgan daromadi quyidagicha taqsimlangan:

- 125,6 ming nafari 1 mln so‘mgacha;

- 104 ming nafari — 1−5 mln so‘m;

- 45,3 ming nafari — 5−10 mln so‘m;

- 78 ming nafari — 10−50 mln so‘m;

- 7,6 ming nafari — 50−100 mln so‘m.

- 171 nafar haydovchining daromadi 100 mln so‘mdan oshgan.

Qonunchilikka ko‘ra, 2022 yil 1 sentabrdan 2025 yilga qadar taksi haydovchilari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ishlashi mumkin.

Mavzuga oid