Hindistonda namoyishlar: shifokorlar hukumatdan xavfsizlikni ta’minlab berishni talab qilmoqda
Kalkutta shahrida yosh shifokor ayolning kasalxonada nomusiga tegib o‘ldirilishi Hindistonni larzaga soldi. Buning ortidan ayrim shtatlarda namoyishlar va ish tashlash bo‘lib o‘tmoqda. Ular hukumatdan shifokorlarning sharoitlari va xavfsizligi bilan bog‘liq tizimli muammolarga yechim talab qilyapti.
G‘arbiy Bengaliya shtatida stajyor-shifokor ayolning xizmat vaqtida avval nomusiga tegib, keyin o‘ldirilishi ortidan Hindistonda noroziliklar kuchaydi. Bengaliyadan tashqari Dehli, Haydarobod va Mumbay kabi shtatlardan ham norozilik to‘lqinlari yuzaga kelgan.
31 yoshli ayolga qilingan hujum 14 avgust kuni Kalkutta shahridagi davlat kasalxonasida yuz bergan. Uni so‘nggi marta tirik ko‘rgan hamkasblariga ko‘ra, u 36 soatlik uzoq davom etgan smenadan keyin 3-qavatdagi seminar xonasiga kirib dam olgan. Tongda uni kiyimlari yirtilgan va o‘lik holda topishgan.
Bu jinoyat mamlakatdagi shifokorlar bilan yuzaga kelayotgan baxtsiz hodisalar va tizimli muammolarning ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
Xususan, har kuni 3500 dan ortiq bemorni qabul qiladigan ushbu kasalxonada ham stajyor shifokorlarning ba’zilari bir vaqtning o‘zida 36 soatgacha ishlaydi, shaxsiy dam olish xonalari yo‘q va uchinchi qavatdagi seminar xonasida dam olishga majbur bo‘ladi.
Hibsga olingan gumonlanuvchi shifoxonaga bemalol kirish imkoniga ega ko‘ngilli xizmatchi bo‘lgan, uni videokameralarni yozuvlar orqali topishgan. Shifoxonada ko‘ngillilar haqida hech qanday tekshiruv o‘tkazilmagan. Bunday gavjum davlat kasalxonalarida shifokorlar ko‘pincha bemorlarning o‘limidan so‘ng yoki zudlik bilan davolanish talabi tufayli ularning qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlikka duch keladi.
Tizimli muammoning yana bir sabablaridan biri – Hindistonda tibbiyot xodimlarini himoya qilish uchun kuchli federal qonun yo‘q. Ayrim shtatlaridagi yumshoq qonunlar esa, deyarli ta’sir kuchiga ega emas. Hindiston tibbiyot assotsiatsiyasi (HTA) 2015 yilda o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, mamlakatdagi shifokorlarning 75 foizi ish joyida zo‘ravonlikning qandaydir shaklini boshdan kechirgan.
“Kasalxonalarda xavfsizlik deyarli yo‘q, chunki hech kim shifoxonalarni mojaro zonasi deb hisoblamaydi”, – deydi tashkilot rasmiylari.
Mamlakatdagi shifokorlarning eng katta birlashmasi bo‘lmish Hindiston tibbiyot assotsiatsiyasi shoshilinch bo‘lmagan xizmatlar uchun umumiy ish tashlash e’lon qildi. Boshqa shaharlardagi shifokorlar uyushmalari va siyosiy partiyalar ham bu jinoyatga norozilik belgisi sifatida marshlar o‘tkazishini bildirdi.
BBC xabariga ko‘ra, garchi namoyishlar tinch o‘tayotgan bo‘lishiga qaramay, bir nechta noma’lum erkaklar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga kelgan. Ular voqea sodir bo‘lgan shifoxonaga bostirib kirgan va shoshilinch yordam bo‘limini vayron qilgan.
Voqeaga guvoh bo‘lgan namoyishchilar noma’lum kishilar hujumi natijasida shifoxona xodimlari va bir qancha doktorlar jarohatlanganini aytmoqda. Hattoki politsiya mashinalari zararlangan, politsiya ularni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizadigan gazlarni qo‘llagan. Ayni vaqtda 19 kishi qo‘lga olingan.
HTA bu holatni namoyishchi talabalarga qarshi qaratilgan va bezorilik, deb atadi hamda shoshilinch bo‘lmagan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish 24 soatga to‘xtatilishini e’lon qildi.
“Shifokorlar, ayniqsa ayol shifokorlar zo‘ravonlik qurboni bo‘lishi ehtimoli yuqori. Hukumat shifoxona va kampuslarda ularning xavfsizligini ta’minlab qo‘yishi kerak”, degan uyushma o‘z bayonotida.
Namoyishlar fuqarolik jamiyatining boshqa uyushmalari, shuningdek siyosiy partiyalarni ham qo‘zg‘atgan. Janat Bxaratiyaning oppozitsiyadagi partiyasi amaldagi hukmron partiya Trinamul Kongress'ni namoyishlar vaqtida bezorilik uyushtirishda ayblab chiqqan. Hukmron partiya buni rad qilgan.
31 yoshli ayolning o‘limi mamlakatni larzaga keltirgani bejiz emas. O‘tgan haftada sodir bo‘lgan bu jinoyat ortidan Hindiston gazetalarida yana 2 ta shunday sarlavhali xabarlar tarqaldi.
Uttarakhand shtatida ham ishdan qaytayotgan hamshira ayol zo‘rlangan va o‘ldirib yuborilgan. Uning jasadi o‘tgan haftada ko‘tarilgan shov-shuvlar fonida topilgan. Bixar shtatida esa 6 kishi o‘smir qizni zo‘rlab o‘ldirishda gumonlanib qo‘lga olingan. Qizning jasadi seshanba kuni tongda topilgan.
Mavzuga oid
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
20:33 / 07.11.2024
Hindistonda uch kun ichida 10 ta fil nobud bo‘ldi
01:52 / 07.11.2024
Kashmir Hindistonni maxsus avtonomiya maqomini tiklashga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi
11:56 / 06.11.2024