O‘zbekiston | 15:54 / 19.08.2024
3414
4 daqiqa o‘qiladi

“Aralash tizim partiyalarni faollashtirishidan umidvormiz” - MSK vakili

27 oktyabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga saylov o‘tkaziladi. Saylov kampaniyasi 26 iyuldan boshlangan. Kun.uz bilan suhbatlashgan MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovga ko‘ra, bu saylovda elektron ovoz berish tizimi test rejimida sinab ko‘riladi. Saylovchi qo‘lida esa 4 byulleten bo‘ladi. Aralash tizim siyosiy partiyalarni ham faollashtirishidan umidvormiz, deydi Qo‘chqorov.

MSK hisob-kitoblariga ko‘ra, taxminan 20 million saylovchi ovoz berishda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmoqda. Ro‘yxatga olish saylovga 5 kun qolganda to‘xtatiladi. Bu yili parlament saylovi aralash tizimda, ya’ni ham majoritar, ham proporsional tartibda o‘tadi. Qo‘chqorovga ko‘ra, bu kamchilik ovoz beruvchilarning fikrlarini ham inobatga olishga yordam beradi. Bundan tashqari, proporsional tartibda ovoz berishda nomzod emas, partiyalar tanlanadi. Bu esa partiyalararo raqobatni oshirishidan umidvormiz, deydi rais o‘rinbosari.

Saylovchi 27 oktyabr kuni jami to‘rtta byulletenni belgilashi kerak bo‘ladi. Ikkitasi Qonunchilik palatasi deputatlarini, yana ikkitasi esa mahalliy kengash deputatlarini saylash uchun. Ovoz berish jarayonlari saylov kuni ertalab soat 08:00 dan kechki soat 20:00 ga qadar davom etadi. Xorijiy davlatlarda esa mahalliy vaqt bilan shu soatlar oralig‘ida tashkil qilinadi.

Muddatidan avval ovoz berish kunlari esa qonunchilikka muvofiq belgilanadi, soatlari saylovchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Dunyoda elektron, pochta orqali va an’anaviy tarzda ovoz berish usullari keng tarqalgan. O‘zbekistonda esa saylovchilar faqat bir usul – saylov uchastkasiga kelib, byulletenni belgilagan holda ovoz berishi kerak. MSK vakiliga ko‘ra, elektron tizim qiziq, lekin ovozlarning shaffofligi, haqqoniyligini ta’minlash masalasi bor. Biroq bu yili elektron tizimda ovoz berish test rejimida joriy etilishi mumkin.

Saylovlarning erkin demokratik ruhda o‘tishida kuzatuvchilarning o‘rni muhim, ayniqsa xalqaro doiradagi vakillarning. MSK parlament saylovini kuzatish uchun ham turli xalqaro tashkilotlar, saylov organlariga taklif jo‘natgan. Kuz oylarida dunyo bo‘ylab qator saylovlar rejalangan. Biroq xatlarimiz javobsiz qolmayapti, YeXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, MDH va boshqa tuzilmalarga taklif jo‘natdik. Jarayon davom etmoqda, deydi Bahrom Qo‘chqorov.

Siyosiy partiyalarning faol emasligi bilan bog‘liq savolni esa MSK vakili ularning o‘ziga qoldirdi. MSK vakolatiga saylovlarni o‘tkazish, tashkil qilish kiradi. Faol bo‘lish-bo‘lmaslik esa partiyalarning o‘ziga havola, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, saylovda qatnashish uchun biror yangi partiya murojaat qilmagan. Biroq murojaat qilish uchun saylov kampaniyasi boshlanishidan 4 oy avval u partiya ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak edi.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid