O‘zbekiston | 11:57 / 23.08.2024
2339
9 daqiqa o‘qiladi

SSV: Angorda kasalliklarning oldini olish bo‘yicha yangi tizim sinovdan o‘tkazilmoqda

Surxondaryo - O‘zbekistonning janubiy darvozasi. Toshkentdan qariyb 700 kilometr olisdagi viloyat. Shunga qaramay, bu uzoq hududda poytaxtdagidan qolishmaydigan imkoniyat va sharoitlarni yaratish maqsad qilingan.

Prezident tibbiy brigadalar ishini nega tanqid qilgandi?

Prezident o‘tgan yil 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida hududdagi 724 ta mahallaga biriktirilgan 1 ming 390 ta tibbiy brigada kasallikning sababi bilan emas, ko‘proq oqibati bilan shug‘ullanayotganini tanqid ostiga olgandi. Shu asnoda aholining ehtiyojmand qatlamiga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni mahallabay, manzilli va maqsadli ta’minlashning yangi tizimini amalga oshirish bo‘yicha “Surxondaryo tajribasi”ni joriy etish belgilandi.

Ko‘p o‘tmay, Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov boshchiligida bu yo‘nalishda amaliy ishlar boshlandi. Hududdagi chekka va olis mahallalarga qadar kirib borildi. Ushbu manzillardagi birlamchi tibbiyot muassasalari faoliyati o‘rganildi. Shu tariqa tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish uchun namuna sifatida tanlangan va keyinchalik yurtimizning boshqa tumanu shaharlari bo‘ylab tajribasi ommalashtirilishi belgilangan dastlabki hudud Angor tumani bo‘ldi.

“Tez yordam”ga chaqiriqlar ozaydi. Bunga qanday erishildi?

Umidjon BO‘RIYeV, Angor tuman tibbiyot birlashmasi rahbari:

— Tumanimizdagi 36 ta mahalla fuqarolar yig‘inida bitta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 6 ta oilaviy poliklinika va 3 ta oilaviy shifokor punkti, 9 ta mahalla tibbiyot punkti 138 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatyapti. Ammo o‘tgan davrda kasalliklar profilaktikasi, ularning kelib chiqish sabablari bilan kurashish masalasiga yetarlicha e’tibor qaratilmadi. Shu sababli Prezidentimiz ushbu yo‘nalishda yangicha mexanizmlarni joriy etish topshirig‘ini berdi. Chunki birlamchi bo‘g‘in yaxshi ishlagan hududda kasalliklardan o‘lim va nogironlik ko‘rsatkichlari, erta va kam vaznda tug‘ilish holatlari, murakkab operatsiyalar uchun ixtisoslashgan markazlarga murojaatlar, surunkali xastaliklardan aziyat chekuvchilar soni keskin kamayadi. Bu amaliyot hozir Angorda sinovdan o‘tkazilmoqda.

Dastlabki ish tibbiy xizmatga real ehtiyojni aniqlashdan boshlandi. Tuman aholisidan 137 ming nafarga yaqini xatlovdan o‘tkazilib, ularning elektron ro‘yxati shakllantirildi. Shulardan 39 ming nafardan ziyodida kasalliklar aniqlandi. 58,8 ming nafar aholi sog‘lom, 38,6 ming nafari zararli odatlarga ega, jismoniy nofaol, 39 ming nafarida surunkali kasalliklari mavjud va 3,8 ming nafardan ortig‘i nogironligi bor shaxslar ekani aniqlandi.

Keyingi bosqichda 39 mingdan ortiq bemorlarni davolash rejalari tasdiqlandi. Unga muvofiq, 2023 yil 15 dekabrdan 2024 yil 1 iyulga qadar 27,3 ming nafar bemor ambulator, qariyb 1,2 ming nafari tuman va 590 nafarga yaqini viloyat va 56 nafari respublika shifoxonalarida sog‘lomlashtirildi. Bir guruh bemorlarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

E’tiborlisi, Angorda birlamchi bo‘g‘inda amalga oshirilayotgan shu kabi ibratli ishlar natijasida tumanda yashovchilar tomonidan tez tibbiy yordamga chaqiriqlar o‘tgan yilning shu davrga nisbatan 13,7 foizga, kutilmagan chaqiriqlar 14 foizga, surunkali kasalliklarga chaqiriqlar 11 foizga kamaydi.

Hamshiralar xonadonlarga skuterda boryapti

Qo‘zi To‘lakov nomidagi oilaviy poliklinika — Angordagi eng namunali birlamchi tibbiyot muassasalaridan biri. Tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan shifo maskani 9 ming nafarga yaqin aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda 5 ta tibbiyot brigidasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Safar ABDIYeV, Qo‘zi To‘lakov nomidagi oilaviy poliklinika mudiri:

— Maqsadli tibbiy tekshiruvlar, patronaj xizmati, individual davolanish rejalari o‘z samarasini bermoqda. Aytaylik, xastalik aniqlangan bemor oilaviy shifokor yo‘llanmasi bilan shifoxonaga davolanish uchun yotqizildi. Bu yerda shifokorlar uning kasallik tarixiga qanday ukol-dorilar bilan muolaja o‘tkazilganigina emas, balki shu xastalikni yengish uchun qanday jismoniy mashqlar qilish lozim, qanday taomlanish kerak, qancha piyoda yurish zarur, dorilarni qay tartibda qabul qilish kabi tavsiyalarni ham batafsil qayd etadi. Bemor uyga qaytgach, uning kasallik tarixidan ko‘chirma oilaviy shifokorga ham yetib keladi. Natijada tibbiy brigada bemorning shu tavsiyalarga qat’iy amal qilishini patronaj hamshiralari orqali nazorat qilib boradi.

Hozir oilaviy poliklinikadagi har bir tibbiy brigada o‘ziga biriktirilgan uchastkada qancha bemor bor, qanchasi sog‘lom, qanchasi davolanishga muhtoj, qanchasi ortiqcha vaznga ega, qanchasi chekuvchi, qanchasi spirtli ichimliklar iste’mol qiladi... bularning barchasi haqida aniq ma’lumotga, elektron bazaga ega. Tuman bo‘yicha qator tibbiy brigadalar zamonaviy skuterlar bilan ta’minlangan. Shundan 10 tasi mazkur oilaviy poliklinika ixtiyorida.

Dilnoza QODIROVA, patronaj hamshirasi:

—    Yangicha tizim asosida 8 oydan ko‘proq vaqt ichida o‘zimga biriktiritilgan aholidan 12 nafari chekishni tashladi. 65 kishi ortiqcha vazndan xalos bo‘ldi. Lekin odamlarni ergashtirish oson bo‘layotgani yo‘q. Shu sababli o‘zimiz o‘rnak bo‘lishga harakat qilyapmiz. Bilasiz, Surxondaryoda sergo‘sht, yog‘li, xamirli taomlar ko‘p yeyiladi. Oilamizda kechki ovqatga salatlar iste’mol qilishni odatga aylantirdik. Non yeyishni kamaytirdik. Mana, o‘zim yil boshidan beri 14 kilogramm ozdim. Buni ko‘rib, aholi ham sog‘lom turmush tarziga amal qila boshladi....

Saratonga chalingan otaxon qanday qilib sog‘aydi?

Patronaj hamshirasining navbatdagi manzili — Angor tumanining Bahor mahallasida joylashgan Bekmurodovlar xonadoni. Oila boshlig‘i — Safar ota 60 yoshda. 2021 yilda onkologik xastalikka chalingan. Davlatimiz ko‘magida yuqori texnologik operatsiya va tibbiy muolajalar orqali salomatligini tiklagan. Uning to‘laqonli sog‘lom hayotga qaytishi esa oilaviy poliklinika tibbiy brigadasining doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi bilan bog‘liq.

Safar BeKMURODOV, Ilg‘or mahallasida yashovchi fuqaro:

— Davolanish, operatsiya xarajatlarim davlat tomonidan qoplandi. Uyga qaytgach ham, e’tibordan chetda qolganim yo‘q. Kunda-kunora patronaj hamshiralari kelib, sog‘ligimdan xabar olib turibdi. Ularning tavsiyasi bilan sog‘lom ovqatlanish, jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishni kun tartibimga kiritdim. Hozir qon bosimim me’yorida. Kasalliklar, og‘riqlar bezovta qilgani yo‘q...  

Sog‘lom oilalarni endi maxsus stikerlar orqali farqlash mumkin!

Bo‘lajak onaning sog‘lom turmush tarziga amal qilishi o‘ta muhim. Ammo ilgari bu haqda homilador ayollarga kerakli ma’lumot berilmagan. Onadan bolaga o‘tadigan ba’zi infeksiyalar, kasalliklar to‘g‘risida opa-singillarimiz yetarli darajada xabardor bo‘lmagan. Ko‘krak sutining ahamiyatini yaxshi anglamagan oilalarda chaqaloqlarni sun’iy oziqlantirish ortgani ham sir emas. Bu ham bolalar o‘rtasida turli xastaliklar ko‘payishida bosh omillardan biri bo‘lib xizmat qilyapti. Prezidentimiz tashabbusi bilan birlamchi bo‘g‘inda doya hamshirasi shtatlari joriy etilib, ular tibbiy brigada tarkibiga kiritilishi homilador ayollarni skrining tekshiruvlariga yo‘naltirish, ularni tibbiy nazorat qilish, sog‘lom farzandlar dunyoga kelishi, chaqaloqlarni tug‘uruqdan keyin parvarishlash borasida ijobiy natijalar uchun asos bo‘lmoqda.

Aytish joizki, Angorda xonadonlardan 9 436 mingtasi “Eng sarishta xonadon”, 2 875 tasi “Jismoniy faol xonadon”, 687 tasi “Sportchilar xonadoni”, 5 133 tasi “Zararli odatlardan xoli xonadon”, 3 798 tasi “To‘g‘ri ovqatlanadigan xonadon” kabi toifalarga ajratilib, ularga maxsus stikerlar yopishtirilgan. Qolaversa, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha tumandagi namunali xonadonlar reytingi joriy etildi.

Ana shunday ibratli oilalardan biri Ilg‘or mahallasida yashaydi. Xonadon a’zolarining kattayu kichigi sportga oshno. To‘g‘ri ovqatlanish ratsioniga qat’iy amal qiladi. Xususan, 64 yoshli onaxon Jamila Qulliyeva sog‘lom turmush tarzi tufayli yuqori qon bosimi va boshqa surunkali kasalliklardan xalos bo‘lganini mamnuniyat bilan ta’kidlaydi.  

Prezidentimiz qo‘ygan talab va vazifalar aniq. Bunga qadamba-qadam erishilmoqda... Tibbiyot xalqqa yaqinlashyapti... Endi kasalliklarning oqibati bilan emas, ko‘proq sababi bilan kurashishga kirishildi. Natijada aholi o‘rtasida turli og‘ir va xavfli xastaliklarga chalinish ko‘rsatkichlari kamaya boshladi... Birlamchi tibbiy xizmatdan kutilgan pirovard maqsad — aslida shu! Angor tajribasi ayni jihati bilan ham ahamiyatlidir!

Mavzuga oid