Jamiyat | 19:58 / 23.08.2024
38915
7 daqiqa o‘qiladi

“Ximikat”siz pishgan tarvuzlar - qirni o‘rmonga aylantirayotgan Otabek hikoyasi

Otabek Nuriddinov Asaka tumani adirligidan 220 gektar yer olib o‘rmonzorga aylantirishga astoydil bel bog‘ladi. Bir necha oy ichida 3 gektar yerni ko‘kalamzorlashtirishga ulgurib, endilikda butun qirlikni yashillikka burkamoqchi. Adir tepasiga uy qurib oilasini ko‘chirib keldi. Kilometrlab masofadan suv keltirdi.

Otabek adirlikka suv chiqarish uchun o‘z hisobidan 250 million so‘m mablag‘ sarfladi. U endilikda hovuzlar sonini ko‘paytirib issiqxona qurmoqchi. Qirlikda ko‘chat yetishtirib, ulkan o‘rmon barpo qilmoqchi. “Birinchi hosilim pishib yetildi, tarvuz, makkajo‘xori, bodring va oshqovoqlarni uzib kelib yeyishni boshladik”, deydi u.

“Inson hayotda kelajak avlod uchun nimadir qoldirishi kerak deb o‘ylayman. Qirlikni obod qilishimdan maqsad o‘zimdan yaxshi nom qoldirish aslida.

Tasavvur qiling, vaqti kelib bepoyon qirlik yashil daraxtzorga aylansa. Odamlar uchun bu cho‘lni yashnatish xayoliy narsa aslida. Qilayotgan ishlarimni ko‘rgan odamlar bu bola boshqa sayyoradan tushdimikan deb ustimdan kulishdi. Qirda ekkan nihollarim ko‘kka bo‘y cho‘zganidan keyin ularning menga bo‘lgan muomalasi o‘zgardi. Amalga oshirish mumkinmas deb o‘ylangan ishni bajardik, bu yerda daraxtlar, ko‘chatlar yashil bo‘lib o‘smoqda.

Otabek Nuriddinov

Suv masalasida yordam bergan Xushnud aka Hamidovga minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Tarmoqdagi, texnika masalasidagi muammolarga ham yordam berdi.

Bu yerda hech qanday infratuzilma yo‘qligi uchun ham odamlar ishlash uchun kelmadi. Bog‘bonlar ham tog‘simon yerda daraxt unishi qiyin deb hisoblashdi. Shuncha yer bekor yotganidan foydalanishimiz zarur deb o‘yladim. Dunyo hamjamiyati ham eng muammoli yerlar O‘rta Osiyo hududida deb ta’kidlashadi. Shu sababdan ham daraxtlar ekib, havoning tozaligiga e’tibor berishni niyat qilgan edim.

Asaka tumanida bunday tog‘simon hududlar ko‘p, aholi juda zich joylashgan. Bu yerlarda dehqonchilik qilish, ekin ekish qiyin bo‘lsa ham daraxt o‘tqazish mumkin. Mana, hozir ham adirning cho‘qqisiga chiqib keldingizlar. Bu yerda na yo‘l, na boshqa infratuzilmalar bor. Energiya borasida quyosh panellaridan foydalanyapmiz, quyosh panellari yordamida nasoslarni ishlatyapman, yurgizyapman. Boshqa joylarda ham quyosh, shamol generatorlarini qo‘yib turib, daraxtlarni sug‘orsa, elektr bilan ta’minlasa bo‘ladi.

Bir odam kunlik nafas olishini ta’minlash uchun 2,5 tup daraxt ekishi kerak ekan. Butun dunyo olimlari O‘zbekistonda ekologiya yomonlashib borayotganini ta’kidlamoqda, ammo daraxtlarni kesishda davom etyapmiz. To‘g‘ri, ekohudud degan narsalar ham bor, ammo loyihadagi daraxtlarni hisoblasa O‘zbekiston yashil daraxtlari bisyor hududga aylanishi kerak edi.

Tarixdan ma’lumki, Yaponiya Koreyani bosib olgan davrda u yerdagi  ko‘plab daraxtlarni kesib yuborishadi. O‘shanda butun xalq hashar yo‘li bilan o‘rmonzorlar tashkil etgan. Yutubda videoni ko‘rib ilhomlandim va ular qilishgan-ku, nega biz qila olmaymiz, deb o‘yladim va butun bor moddiy boyliklarim bilan shu ishni boshlab yubordim. Bu yerda bizning ishimiz sekin bo‘lishini ta’minlayotgan narsa moddiy tomondan yordamning yo‘qligi, chunki o‘rmon hosil qilish uchun daraxtlar xilma-xilligi bo‘lishi kerak.

Asosan qayrag‘och ekyapman bu yerga, ammo boshqa daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish rejada bor. Bundan tashqari o‘rmonda zichlik ham bo‘lishi kerak, quyosh nuri yerga kam tushishi kerak. Yerdagi suvning kamayishiga, quruq qum hosil bo‘lishiga ham sabab daraxtlarning kamligi hisoblanadi. Agar daraxtlar ko‘paysa, hayvonlar ham ko‘payadi, shuningdek, daraxt o‘ziga yomg‘irni ham chaqiradi.

Hozirgi kungacha 250 milliondan ortiq mablag‘ sarfladim. Quvurlar o‘tkazish kerak, ammo ish to‘xtab turibdi. Yana issiqxona ham tashkil etishimiz kerak. Bu issiqxonada turli davlatlardan kelgan vatandoshlarimiz olib kelgan urug‘larni ekib, undirishimiz kerak. Kuz ham yaqin, bu yerda ko‘chat eksak, ancha foyda bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqda ko‘pchilik yozadi, ko‘chat ekamiz, boramiz deb. Ammo men ularga barcha sharoitlarni qilib berishim kerak. Shunga mablag‘ borasida ozroq qiynalib qolganmiz. Oshqovoq, tarvuz, kungaboqar urug‘laridan olib qo‘ygan edim, ularni ekib ko‘rdim. Ancha yaxshi hosil berdi. Ularning ichidagi o‘tlarni ham yulmayapmiz, yerdagi namlikni ta’minlashi uchun.

Hayotimda birinchi marta bodiringga shira tushmasligini shu yerda ko‘rdim. Ekinlarga kimyoviy dorilar sepmasam-da, hosil yaxshi beryapti. Qovun, tarvuzlar ham ancha katta bo‘lib ketmoqda, bozorlarda ham bunday qovun-tarvuzlar kam uchraydi. Anchagina katta. “Ximikat”siz pishgan tarvuzni shu yerda birinchi marta yedim.

Qirga qizlarim, oilam bilan kelganmiz. Bir qizim 6-sinfga, yana biri 4-sinfga ko‘chdi. Ular ham o‘zlari bu dehqonchilikka, daraxt ekishga qiziqishyapti. Ekayotgan daraxtlarini ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqishmoqda, ular haqida ma’lumotlar keltirishmoqda.

Xudo xohlasa ko‘chat ekishni bu yildan boshladik, 220 gektar yer bilan chegaralanib qolishni xohlamayman. Alloh qancha umr bergan bo‘lsa, daraxt ekishni maqsad qilganman. Nasib qilsa, 1 000 gektar yerda o‘rmonzor yarataman.

Otabek Nuriddinov onasi bilan

3 oydan beri shu adirlikda mehnat qilamiz, o‘zimiz yetishtirgan tarvuzlarimizni so‘yib yedik. Mazasi ancha yaxshi, bozordan sotib olsangiz, me’dangizga tegib qolishi mumkin. Lekin bu tarvuzlar unday emas, chunki hech qanday dorilarsiz yetishtirilgan. Buni yeb ko‘rgan odam his qiladi”.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Mavzuga oid