Jahon | 17:53 / 24.08.2024
7614
5 daqiqa o‘qiladi

AQShning sanksiyalar siyosati global yashirin iqtisodiyotni yaratdi - WSJ

G‘arb davlatlarining Rossiya, Eron, Venesuela, Shimoliy Koreya va Xitoyga nisbatan sanksiyalari va eksport nazorati ularning iqtisodiy resurslarini cheklashga qaratilgan edi. Lekin bu siyosat global yashirin iqtisodiyotning paydo bo‘lishiga olib keldi, deb yozadi The Wall Street Journal.

Foto: The Wall Street Journal

Gazetaning qayd etishicha, AQShning Rossiya, Eron, Venesuela, Shimoliy Koreya, Xitoy va boshqa avtoritar rejimlarga nisbatan misli ko‘rilmagan moliyaviy va savdo cheklovlari bu mamlakatlar iqtisodiyotining qisqarishiga olib kelgan, ularning G‘arb tovarlari va bozorlariga kirishini cheklagan. Biroq vaqt o‘tishi bilan Xitoy savdo aloqalarini mustahkamlash orqali Amerika cheklovlariga qarshi chiqishda faollik ko‘rsatmoqda. WSJ bojxona statistikasini tahlil qilib, shunday xulosaga kelgan.

AQSh sanksiyalariga qaramay, yuqoridagi davlatlar dron va raketalardan tortib, oltin va neftgacha bo‘lgan mahsulotlarning faol savdosini davom ettirish uchun keng ko‘lamli iqtisodiyotga ega.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Liu Pengyu rasmiy Pekin olib borayotgan siyosatni himoya qilib, mamlakat Ukraina mojarosiga aloqador hech kimga halokatli qurollar bermayotganini aytib o‘tgan.

“Xitoy tegishli davlatlar bilan tenglik va o‘zaro manfaatdorlik asosida iqtisodiy va savdo almashinuvlarini amalga oshiradi. Xalqaro huquqqa muvofiq savdolar qonuniydir, shuning uchun bu hurmat qilinishi va himoya qilinishi kerak”, degan Liu Pengyu.

G‘arb tomonidan sanksiya joriy qilingan davlatlarning Xitoyga umumiy import va eksporti (milliard AQSh dollarida)

Gazetaning ta’kidlashicha, sanksiyalarga uchragan mamlakatlarning savdo ehtiyojlari o‘zaro mos keladi. Bir tomondan, Xitoy OPEK+ga a’zo uch davlat – Rossiya, Eron va Venesueladan neftni katta chegirmali narxlarda sotib oladi. Bu o‘tgan yili o‘z iqtisodiyotining o‘sishini saqlab qolish uchun kuniga 11 million barreldan ortiq neft sotib olgan dunyodagi eng yirik “qora oltin” importchisi uchun ayni muddao bo‘lgan.

O‘z navbatida, yuqoridagi davlatlar o‘z mahsulotlari evaziga Xitoydan pul oladi va buni sanksiyalangan tovarlarni sotib olish uchun ishlatadi.

“Xitoydan keladigan neft daromadlari Eron va Rossiya iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlab, G‘arb sanksiyalarining samaradorligiga putur yetkazmoqda”, deydi Vashington tahlil markazi eksperti Kimberli Donovan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, savdo aloqalarida mamlakatlarning Xitoy valutasi va to‘lov tizimlaridan foydalanishi G‘arb rasmiylarining moliyaviy ma’lumotlarga kirishini cheklaydi va sanksiyalarni qo‘llash qobiliyatini zaiflashtiradi.

Xitoyning o‘rtacha kunlik neft importi (barrelda)

Misol uchun, Xitoy davlat mudofaa kompaniyasi Poly Technologies o‘tgan yil sentabr-dekabr oylarida Amerika sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan Rossiyaning Ulan-Ude aviatsiya zavodiga yigirmaga yaqin yuk yuborgan. Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy firmalari o‘tgan yili Rossiya shirkatiga 60 ta jo‘natmani amalga oshirgan. AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, bu Eronning Rossiyada qurolli kuchlari uchun uchuvchisiz harbiy samolyotlar ishlab chiqarish bo‘yicha xarid kanalining bir qismi hisoblanadi.

Eron, o‘z navbatida, Venesuelaga qurol-yarog‘ va sanksiyaga uchragan boshqa tovarlarni yetkazib beradi. Buning evaziga Venesuela Eronga ulkan Orinoko konlaridan oltin beradi. G‘arb rasmiylarining ta’kidlashicha, qimmatbaho metall savdosini kuzatish qiyin va bu mamlakatlarga G‘arb bank tizimini chetlab o‘tish imkonini beradi.

Xitoyning Rossiyaga dron eksporti

Eng ko‘p sanksiyalar qaysi davlatlarga kiritilgan?

Ukraina hududiga bostirib kirishi ortidan Rossiya dunyodagi eng ko‘p sanksiya kiritilgan mamlakatga aylandi. Sanksiya cheklovlarini kuzatuvchi Castellum.ai global bazasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda quyidagi mamlakatlarga eng ko‘p cheklovlar joriy qilingan:

  • Rossiya – 22 230 ta;
  • Eron – 5 250 ta;
  • Suriya – 2 867 ta;
  • Shimoliy Koreya – 2 207 ta;
  • Berarus – 1499 ta;
  • Venesuela – 748 ta;
  • Myanma – 969 ta.
​​​​​Eng ko‘p sanksiya kiritilgan davlatlar

Mavzuga oid