Jahon | 22:51 / 26.08.2024
2371
3 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Qohira muzokaralari natijasiz yakunlandi

Jarayon yaqin kunlarda qolgan masalalar va tafsilotlarni ko‘rib chiqish uchun ishchi guruhlar doirasida davom ettirilishi ta’kidlanmoqda.

Foto: AP

Misr poytaxti Qohirada bo‘lib o‘tgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi bosqichi natija bermadi, biroq jarayon davom etadi. Bu haqda Times of Israel amerikalik rasmiyga tayanib xabar berdi.

Gazeta manbasiga ko‘ra, Qohiradagi muzokaralar «konstruktiv bo‘lib, yakuniy va amalga oshirish mumkin bo‘lgan kelishuvga erishish ruhida o‘tgan va barcha tomonlar shu nuqtai nazarga qo‘shilgan». Uning so‘zlariga ko‘ra, «jarayon yaqin kunlarda qolgan masalalar va tafsilotlarni ko‘rib chiqish uchun ishchi guruhlar doirasida davom etadi».

AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Kanadaning Halifaks shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Vashington Qohirada Misr va Qatar vositachilari, shuningdek, isroilliklar bilan «hali qizg‘in» ishlayotganini aytdi.

«E’tiborli tomoni, AQSh rasmiylari muzokaralarning keyingi rivojlanishiga umid bildirgan yagona tomon bo‘lib ko‘rinadi», deb ta’kidladi gazeta.

Hamas siyosiy byurosi a’zosi Izzat ar-Rishq yakshanba kuni bayonot berib, «Hamas delegatsiyasi Misr va Qatar vositachilari bilan uchrashgandan so‘ng Qohirani tark etdi», dedi. Ar-Rishq ta’kidlaganidek, «Hamas Bayden rejasini amalga oshirishga tayyorligini tasdiqlaydi».

Hamasga ko‘ra, Isroil Filadelfiya va Netzarim yo‘laklaridan qo‘shinlarini olib chiqish majburiyatidan voz kechdi va o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan keyin anklav shimoliga qaytgan falastinliklarni tekshirish kabi qo‘shimcha talablar qo‘ydi.

Hamas matbuot kotibi Usoma Hamdan yakshanba kuni «Al-Aqso» telekanaliga shunday dedi: «Biz 2 iyulda kelishilgan narsadan voz kechish yoki yangi shartlarni muhokama qilmaymiz». Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning kelishuv yaqinlashayotgani haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Muzokaralar muvaffaqiyatsiz o‘tgani haqidagi xabarni olgan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin mintaqada ikkita aviatashuvchi zarba beruvchi guruhning mintaqada qolish muddatini uzaytirishni buyurdi. U bu qarorini Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida ma’lum qildi.

Mavzuga oid