O‘zbekiston | 14:27 / 27.08.2024
10202
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijdagi qoraqalpoq diasporalari vakillari Nukusda yig‘ildi - foto

Bugun qoraqalpoqlar nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston, Rossiya, Turkmaniston va qisman Afg‘oniston hududlarida ham yashaydi. Bundan bir necha o‘n yillar avval qoraqalpoqlar yashash, o‘qish maqsadida bu mamlakatlarga ko‘chib ketishgan. 

Foto: Kun.uz

Xuddi shunday insonlarning bir guruhi oradan yillar o‘tib Nukusda to‘planishdi va o‘z tarixiy Vatani bilan qayta tanishishdi. 

Mehmonlar orasida bugun Qozog‘iston, Rossiyada yashovchi qoraqalpoqlar anchagina. Ularning aksariyati o‘z davlatida qoraqalpoq milliy-madaniy markazlarini ochgan. Ancha yillar ilgari Qoraqalpog‘istonni tark etganmiz, lekin Vatan unutilmaydi, mehrimiz va hurmatimiz boricha saqlangan, deydi ular. 

Yelena Do‘spanova bundan qariyb 20 yil avval Moskva shahriga ko‘chib ketgan. U tarjimon va shu bilan birga Moskvadagi qoraqalpoq madaniy markazi rahbari. 

“Yillar o‘tib, Nukusni ko‘rarkanman, o‘zgarishlar kattaligiga guvoh bo‘ldim. Men ketganda 2-3 markaziy ko‘chalar zamonaviy edi xolos. Hozir baland-baland binolar qurilibdi, aholiga qulay tizim yaratilibdi. Qoraqalpoq xalqi hayotidan rozi, baxtli bo‘lishini xohlayman. Vatanimdan uzoqda yashasamda, unga mehrim o‘zgarmadi. Imkoniyatim bo‘lsa, qaytishga ham rozi edim”, - deydi Do‘spanova. 

Mehmonlar Qoraqalpog‘istonning turli tarixiy-madaniy obektlarida bo‘lishmoqda. Masalan, Nukus shahridan qariyb 150 km uzoqlikda joylashgan qadimiy Tuproqqal’a yodgorligi, Beruniy tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Qora Teren ko‘li, Nukus shahridagi IT park, jahonning Ginnes rekordlar kitobiga kirgan qoraqalpoq xalqining milliy qora uyi - o‘tov ham shular jumlasidan.

Shoxrux Majidzoda tayyorladi
Rasmlar muallifi Asror Almurodov

Mavzuga oid